Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Termiz shahridagi “Amudaryo“ xalqaro yoshlar oromgohida Afgʻoniston Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan etnik oʻzbek yoshlari uchun 20-24-avgust kunlari “Doʻstlik“ oromgohi tashkil etildi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari Xayraton chegara postida milliy urf-odatlarimizga xos non-tuz bilan kutib olindi.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston yoshlari ishtirokidagi tantanali marosimda soʻnggi yillarda davlatlarimiz oʻrtasidagi yaqin qoʻshnichilik, doʻstlik aloqalari tamomila yangi bosqich va yangicha koʻrinishda izchil rivojlanayotgani alohida taʼkidlandi.
Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida soʻnggi yillarda yoʻlga qoʻyilgan doʻstlik, oʻzaro hamkorlik aloqalari yon qoʻshni davlatda tinchlik oʻrnatish hamda barqaror rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ishbilarmonlar doirasining oʻzaro aloqalari mustahkamlanib borayotir. Oʻzbekiston ayni paytda qoʻshni davlatga elektr energiyasi yetkazib bermoqda. Termizda Afgʻonistonning konsullik idorasi faoliyat yuritmoqda. Ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda qoʻshni davlat fuqarolarining salomatligini tiklashi uchun barcha zamonaviy sharoit mavjud. Afgʻon fuqarolariga mamlakatimizda yaratilayotgan bunday qulayliklardan samarali foydalanishi uchun ixchamlashtirilgan viza tartibi joriy etilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtgan yil mart oyida tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, barqaror rivojlanishiga koʻmaklashishning yangi bosqichini boshlab berdi. Dunyo hamjamiyatini afgʻon yurtida tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga daʼvat etdi.
Davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida Termiz tumanida dunyoda muqobili yoʻq Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi qoʻshni mamlakat oʻgʻil-qizlarining chuqur taʼlim olib, kasb oʻrganishida muhim omil boʻlayotir.
Afgʻonistonlik yoshlar Termiz shahridagi muhtasham Yoshlar markazi binosida boʻlib, bu yerda oʻgʻil-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ikki davlat faol yoshlarining muloqoti tashkil etildi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining taqdimoti oʻtkazildi.
– Biz bir daryoning ikki qirgʻogʻida yashaydigan oʻzbeklarmiz, – deydi Afgʻonistonning Mozori Sharif shahridan kelgan Fariso Shams Sodat. – Bu haqda biz ota-bobolarimizdan eshitib, ulgʻaydik. Koʻhna Termizni buyuk allomalar yurti sifatida gʻoyibdan bilamiz. Amudaryoning bu qirgʻogʻiga oʻtish uchun mana shunday dorilomon kunlar kelishini intiqib kutdik. Bundan bir necha oy muqaddam Yoshlar ittifoqi muassisligidagi Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi vakillari mamlakatimizda boʻlib, biz bilan uchrashgan va Termizga taklif etishgan edi. Chegarada bizni quchoq ochib, kutib olgan tengdoshlarimizga havasimiz keldi. Ular bilan tez doʻstlashib ketdik. Surxondaryoga qadam tashlashimiz bilan bu yerdagi tinch, osuda va obod hayot bizni oʻziga maftun etdi. Yoshlarning yuzidagi tabassum va shukronalik tuygʻusini koʻrib suyundik.
“Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida oʻtkazilayotgan mazkur tadbir doirasida afgʻonistonlik yoshlar uchun oʻzbek tili va Oʻzbekiston tarixi boʻyicha interaktiv mashgʻulot oʻtkazish rejalashtirilgan. Xususan, dunyoqarashni yanada boyitish, milliy urf-odat, madaniyat va qadriyatlarimizni koʻrsatish, yoshlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga eʼtibor qaratiladi. Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat majmualari va boshqa tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtiriladi.
Mehmonlar Termiz Arxeologiya muzeyi, Sobir Termiziy nomli Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazi, Sanʼat saroyi bilan yaqindan tanishadi. Doʻstlik futbol turniri, oʻzbek milliy oʻyinlari va boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Milliy kino va teatr sanʼatkorlarining sahna asarlaridan bahramand boʻladi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA