O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Parlamentda axborot tarqatish sohasiga oid qonun hujjatlarining holati muhokama qilinishi rajalashtirilmoqda

2019-08-19 | Jamiyat

2019 yil 17 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari hamda dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi dastlabki masala — «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in kechdi. Ta’kidlash joiz, parlament quyi palatasining 2019 yil 14 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida mazkur qonun loyihasida Markaziy bankning nazoratiga oid vazifalari aks etgan 61-moddasida belgilangan normalar deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘lgani bois, mas’ul qo‘mitaga uni asoslantirish va maromiga yetkazish tavsiya etilgan edi.

O‘tgan davr mobaynida ishchi guruh yig‘ilishlarida deputatlar tomonidan bu borada bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar qonun loyihasida o‘z aksini topdi va u shundan so‘ng qabul qilindi.

Deputatlarning bahs-munozarasiga sabab bo‘lgan masalalardan yana biri «Advokatura to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasidir. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunida advokatlik guvohnomasining shaklini va uni berish tartibini tasdiqlash Adliya vazirligi vakolatiga kiritilgan.

Muhokamalar chog‘ida jamoat tashkiloti hisoblangan Advokatlar palatasiga birlashgan advokatlarga guvohnoma nima sababdan davlat organi, Adliya vazirligi tomonidan berilishi deputatlarda savol tug‘dirdi. Loyiha tashabbuskorlari va mas’ul qo‘mita vakillari bunga javoban, advokatlar inson huquqlarini himoya qilishi, kasbi nuqtai nazaridan barcha darajadagi tashkilot, idora va muassasalarga kirishi, turli darajadagi mansabdor shaxslar bilan muomalada bo‘lishini nazarda tutib, qolaversa, ushbu kasb egalarining mavqeini ko‘tarish, ayni paytda mas’uliyatini oshirish maqsadida Hukumat tomonidan advokatlik guvohnomasini berish tartibi joriy qilinayotganini qayd etdilar. Qolaversa, advokatlik litsenziyalanishi shart bo‘lgan faoliyat turi hisoblanib, litsenziya berish ham vazirlik zimmasidagi mas’uliyatga kiradi. Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasi bilan advokatlik guvohnomalari berish tartibi takomillashtiriladi, bu borada byurokratik omillar kelib chiqishi ehtimolining oldi olinadi.

Tortishuvlar ayniqsa «O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasida yanada keskin tus oldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ishlab chiqilgan ushbu loyiha bilan nikoh yoshini erkaklar va ayollar uchun teng qilib belgilash taklif etilmoqda.

Deputatlar mazkur loyihani o‘z vaqtida ishlab chiqishda aslida parlament quyi palatasining Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi tashabbus ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holda, ular ushbu masalani ayni paytga qadar cho‘zib kelganini keskin tanqid qildilar.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi xotin-qizlarning erta nikohini va erta tug‘rug‘ini oldini olishga xizmat qiladi. Buning natijasida yurtimizda oilalarning yanada mustahkamlanishiga, ajrimlarning oldini olishga, yosh er-xotinlardan tug‘iladigan farzandlarning sog‘lom, barkamol bo‘lib voya yetishiga erishilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sadikovning «Axborotni tarqatish sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi masalaga bag‘ishlangan parlament eshituvini o‘tkazish haqidagi masala ham deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi. Shu bois, O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraktsiyalari deputatlaridan iborat Demokratik kuchlar bloki tashabbusi bilan tashkil etilishi rejalashtirilayotgan mazkur parlament eshituvi kun tartibida belgilangan dolzarb mavzu muhokamasi qizg‘in kechdi. Unda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyat hayotining turli jabhalarini takomillashtirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Milliy axborot sohasining liberallashtirilishi aholining media savodxonligini oshirishga, davlat va jamiyat orasida ochiq konstruktiv axborot almashinuvini faollashtirishga xizmat qilishi bilan birga, ommaviy axborot vositalari yordamida jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini oshirishga ham imkon yaratdi.

Milliy axborot sohasining rivojlanishi barobarida demokratik o‘zgarishlar bilan birga, fuqarolarning axborot huquqlari buzilishi va yana bir qator jiddiy muammolar ham ko‘zga tashlana boshladi. Bugungi kunda tashqi va ichki axborot tahdidlarning kuchayib borishi davlat va jamiyat barqarorligi uchun potentsial xatarga aylanib, barqaror rivojlanish jarayonlariga to‘sqinlik qilmoqda hamda shaxs, davlat va jamoatchilik axborot xavfsizligining buzilishiga olib kelmoqda.

Bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri — internet tarmog‘i orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy tarqatilishidir. Ijtimoiy tarmoqlardan, tezkor xabarlarni tarqatish texnik maydonchalaridan, ommaviy axborotlarni tarqatish messenjerlaridan fuqarolarning shaxsga doir huquqlari, ularning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi axborotning konfedentsialligi qo‘pol ravishda buzilgan holda foydalanish holatlari ko‘plab uchramoqda. Internet tarmog‘ida shaxsini aniqlab bo‘lmasligi imkoniyatidan foydalanib, ayrim foydalanuvchilar qonunlarda ta’qiqlangan haqorat va tuhmatga asoslangan axborotlarni tarqatmoqda.

Eng xavflisi, balog‘at yoshiga yetmagan bolalar va yoshlar uchun ham bunday nolegal axborotlarning tarqatilayotganidir. Yoshlar ulg‘ayishining fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, ular internet tarmog‘idagi qonunga xilof ravishda tarqatilayotgan axborotlarning qurboniga aylanib qolmoqda.

Nolegal axborotlar tarqatilishi jarayonlariga qarshi keskin kurashish uchun tegishli davlat organlarining aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan harakatlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarda belgilangan qoidalar amaliyotining samaradorligini ta’minlashni talab etadi.

Parlament eshituvi doirasida milliy axborot makonini yanada barqaror rivojlantirish maqsadida axborot sohasining milliy qonunchiligini optimallashtirish yo‘llarini muhokama qilish uchun tegishli davlat xokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari hamda mas’ul xodimlarini jalb qilgan holda, hukumat a’zolarining axborotini eshitish rejalashtirilgan.

Demokratik kuchlar blokining parlament eshituvini o‘tkazish bo‘yicha ushbu taklifi deputatlarning qizg‘in munozarasiga sabab bo‘ldi. Parlament vakillari ushbu masalaning bugungi kun uchun nihoyatda dolzarblik kasb etayotganini inobatga olgan holda, birgina Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati bilan cheklanmasdan, Vazirlar Mahkamasining mutasaddilari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining ham bu masalaga munosabatini eshitish maqsadga muvofiqligini qayd etdilar. Ushbu taklif bir ovozdan ma’qullandi.

Majlisda parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Поделиться