O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qorakoʻlchilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-08-17 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda qorakoʻlchilik tarmogʻida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish orqali sifatli qorakoʻl teri yetishtirish, choʻl ozuqabop ekinlar urugʻchiligi maydonlarini tashkil etish va yaylovlar hosildorligini oshirish hamda qorakoʻlchilik subyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida soʻnggi yillarda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birgalikda, bugungi kunda sohada mavjud ichki imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayapti.
Xususan, naslchilik ishlarini yanada takomillashtirish, choʻl yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi maydonlarini kengaytirish, sohada eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va xom ashyolardan tibbiyot maqsadlari uchun foydalanish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermaydi.
Respublikada qorakoʻl zotli qoʻylar bosh soni va qorakoʻlchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda takomillashtirish, qorakoʻlchilik mahsulotlarini, xom ashyolarini chuqur qayta ishlash va tibbiyot maqsadlari uchun keng foydalanish hamda soha xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
2019-2021 yillarda qorakoʻl zotli qoʻylar bosh soni, jun va qorakoʻl teri ishlab chiqarishni koʻpaytirishning prognoz parametrlari 1, 1a, 1b-ilovalarga muvofiq;
qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etuvchi korxonalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
yaylovlar hosildorligini oshirish maqsadida choʻl yaylov oʻsimliklari urugʻchiligi maydonlarini kengaytirish parametrlari 4-ilovaga muvofiq;
naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga kuchli ozuqalar yetishtirish maqsadida talab etiladigan sugʻoriladigan yer maydonlarini ajratish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;
oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlariga qarashli uzoq choʻl hududlaridagi naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklarining suv chiqarish inshootlari joylashgan naslchilikqorakoʻlchilik xoʻjaliklariga ajratiladigan yaylov yer maydonlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi, “Xalq banki” ATB bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq belgilangan prognoz parametrlar ijrosini taʼminlash yuzasidan tumanlar va qorakoʻlchilik subyektlari kesimida manzilli chora-tadbirlarni tasdiqlasin hamda ularning samarali va toʻliq ijrosi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga 6-ilovada nazarda tutilgan oʻrmon bilan qoplanmagan yaylov yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazib, ularning oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlaridan naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga ajratib berilishinitaʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi, Navoiy va Qashqadaryo viloyati hokimliklarining Navoiy viloyatida qorakoʻl zotli qoʻylarning sur rangi boʻyicha, Qashqadaryo viloyatida qora va koʻk rangi boʻyicha yuqori elita sinfli nasldor qorakoʻl qoʻylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Quyidagilar Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yuqori nasldor elita sinfiga mansub sur, qora va koʻk rangli qorakoʻl zotli qoʻylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish;
otarlarda naslchilik va sunʼiy urugʻlantirish ishlarini tizimli tashkil etish, bunda ranglar boʻyicha qimmatli eksportbop yarim doira qalamgul, qovurgʻasimon va yassi gul tipidagi qorakoʻl qoʻylar seleksiyasiga alohida eʼtibor qaratish;
serpusht qorakoʻl qoʻylarni oʻzaro juftlash orqali jahon moʻyna bozorlari talabidan kelib chiqib, qorakoʻl terining raqobatbardosh turlarini yaratish;
yetishtirilgan yuqori mahsuldor qorakoʻl qoʻy va qoʻchqorlarni aholi xonadonlariga, dehqon hamda fermer xoʻjaliklariga tizimli ravishda yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish.
Ushbu stansiyalarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Belgilansinki, 2019-2023 yillarda qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorakoʻl terisi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 50 ming soʻmdan va har bir dona qorakoʻlcha terisi uchun 75 ming soʻmdan subsidiyalar ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda qorakoʻlchilik subyektlariga subsidiya berish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
6. Respublikada qorakoʻlchilik sohasida naslchilik seleksiya ishlarini takomillashtirish, jahon bozori talablariga mos boʻlgan raqobatbardosh qorakoʻl terisi ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi huzurida Qorakoʻlchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan foiz toʻlovlarisiz qaytarish sharti bilan 7 yil muddatga 2019-2020 yillarda ajratiladigan 50 milliard soʻm;
Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasiga aʼzo tashkilotlarning hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ajratmalari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga ishlatiladi:
naslchilik-seleksiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va uni takomillashtirish;
qorakoʻlchilik sohasida eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirish;
qorakoʻlchilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlovchi korxonalarni tashkil etish;
sohada resurs tejamkor uskunalar sotib olish va ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etish hamda qorakoʻlchilik subyektlari tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarini sotib olishni moliyalashtirish;
uzoq choʻl hududlarida suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini taʼmirlash va modernizatsiya qilish;
sohaga yangi zamonaviy texnologiyalar, innovatsion gʻoyalar va ishlanmalarni olib kelish hamda joriy etish;
mutaxassislarning xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi, sohadagi kadrlar malakasini oshirish, shu jumladan, yosh mutaxassislarning xorijda oʻqishi, stajirovka oʻtashi, xorijiy mutaxassis va maslahatchilarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ishchi xodimlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish;
Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasiga yuklatilgan boshqa vazifalar ijrosini taʼminlash.
8. Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasining Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻning 70 foizini “Xalq banki” ATB orqali qorakoʻlchilik subyektlariga 3 yil muddatga yillik 5 foizlik, shu jumladan, 1,5 foizi bank marjasi, kredit sifatida ajratish haqidagi taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
11. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qorakoʻlchilik xom ashyolari asosida yaratiladiganKardin va Aflan dori vositalarining klinik sinovlarini olib borish va ishlab chiqarishni tashkillashtirsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu ishlanmalarni grant mablagʻlari bilan taʼminlasin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi qorakoʻlchilik subyektlarida qorakoʻl zotli qoʻylarning:
bosh soni, genofondini saqlash va takomillashtirish, naslchilik-seleksiya ishlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati yuzasidan davriy monitoring hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
genofondini saqlash, boshqa zotli qoʻylar bilan chatishtirmaslik hamda biriktirilgan yer (yaylov) maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish toʻgʻrisida zarur tavsiyalar beradi.
13. Naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga qarashli yaylovlarni tuman hokimligi zaxirasiga olish, shuningdek, boshqa yoʻnalishdagi fermer xoʻjaliklariga va qishloq xoʻjaligi korxonalariga berish Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasining roziligi bilan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markaziga qarashli Buxoro choʻl yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazini (keyingi oʻrinda – Markaz) “Oʻzbekchorvanasl” agentligi tarkibiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Markaz oʻz faoliyatini bevosita Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshirsin.
Samarqand shahri, Xishrav qoʻrgʻoni, Samarqand koʻchasi, 1-uyda joylashgan Samarqand qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejining maʼmuriy binosini tegishli hududlari bilan birgalikda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
Samarqand shahri, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 47-uyda joylashgan Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining bino va inshootlarini tegishli hududlari bilan birga Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
Samarqand viloyati Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi hamda Samarqand viloyati “Chorvanasl” markazini Samarqand shahri, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 47-uy manzilida joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi mazkur bandda koʻrsatilgan bino va inshootlarning belgilangan tartibda qabul qilinishi va topshirilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi fundamental, ilmiy-amaliy hamda innovatsion tadqiqotlar davlat ilmiy-texnik dasturlari va ilmiy mavzularni shakllantirishda veterinariya, qorakoʻlchilik va chorvachilik sohasida yuqori sifatli veterinariya vositalari, naslchilik ishlarini yuritishning hamda yuqori hosildor ozuqa ekinlarining yangi navlarini yaratish va urugʻchiligini yoʻlga qoʻyishning zamonaviy usul va texnologiyalari ishlab chiqilishini nazarda tutuvchi ilmiy loyihalar kiritilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi bilan birgalikda qorakoʻlchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 16-avgust