O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda yoshlar turizmi yanada rivojlantiriladi
2019-08-16 | Turizm
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan mamlakatimizga yosh sayyohlarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yoshlar jalb etiluvchi madaniy-koʻngilochar tadbirlar tashkil etish, yosh sayyohlar uchun imtiyozlar berish tizimini yaratish hamda tegishli infratuzilmani barpo etish kabilarni oʻzida aks ettiruvchi yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab turistlar orasida yoshlar soni ortib bormoqda. Xususan, 2018-yilda butun dunyo boʻylab sayyohlar soni 1,4 mlrd kishini tashkil qilgan boʻlsa, shundan 25 foizi 30 yoshgacha boʻlgan turistlarni tashkil etmoqda.
Oʻzbekistonga 2018-yil yakunlari boʻyicha 5,3 million xorijiy turist tashrif buyurgan boʻlsa, shundan 1,5 mln.dan ortigʻini yoshlar tashkil etdi. Mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarning oʻrtacha yoshi 2010-yilda 60 yoshni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib 45 yoshni tashkil etadi. Bu esa mamlakatimizga tashrif buyuruvchi turistlar orasida yoshlar koʻpayib borayotganligini koʻrsatadi.
Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish va yoshlar turizmini ommalashtirish borasidagi saʼy-harakatlar natijasida 2018-yilda mahalliy turistlar soni 14 mln.dan ortdi. Bu borada Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan “Tourism challenge” tanlovi, “Charity tour” aksiyasi va shu kabi koʻplab tadbirlar tashkil etildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimiz yoshlar turizmini rivojlantirish uchun yetarli salohiyatga ega. Yurtimizga yosh turistlarni jalb qilish uchun ularning xohishlarini oʻrganish, qolaversa, ularning talablaridan kelib chiqib, yetarli shart-sharoitlar, tegishli infratuzilma obyektlarini yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining ushbu Farmoni bilan Oʻzbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, masalaning dolzarbligidan kelib chiqqan holda, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni aniq belgilab olish hamda ularni izchil amalga oshirish vazifasi belgilab berildi.
Oʻzbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish Konsepsiyasining ishlab chiqilishi mamlakatimizda turizm turlarini yanada diversifikatsiyalash, yurtimizga yosh turistlarni faol jalb qilish boʻyicha ustuvor maqsad va vazifalarni belgilash, yosh turistlar oqimini yanada oshirish, koʻrsatilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash hamda yosh turistlarga moʻljallangan turizm infratuzilmasini yaratilishini taʼminlaydi.