Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi delegatsiya 5-8-avgust kunlari veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Turkiyaga xizmat safarini amalga oshirdi.
Delegatsiya aʼzolari Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligida boʻlib, sohaga doir qator muzokaralarni olib borishdi. Xususan, Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligining veterinariya, chorvachilik, naslchilik va baliqchilik yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlari va ilgʻor tajribalari borasida taqdimot oʻtkazildi.
Shuningdek, delegatsiya Turkiya Respublikasining Qishloq xoʻjaligi kreditlash korporativi bosh boshqarmasida ham boʻldi. Uchrashuvda boshqarma faoliyati bilan tanishilib, urugʻchilik va chorvachilik sohasida naslchilik hamda fermer xoʻjaliklarini korporativ hisobidan kredit mablagʻlari evaziga moliyalashtirish, kelgusida ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni realizatsiya qilish yoʻnalishida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq, deb topildi.
Qolaversa, qishloq xoʻjaligi hayvonlari uchun ozuqa yetishtirish maydonlariga ekiladigan sertifikatga ega yangi navli urugʻlarni ekish, ularni Oʻzbekistonning iqlim sharoitiga moslashtirish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Urugʻchilik seleksiyasini yanada rivojlantirish borasida ikki davlat olimlari hamkorlikda ish olib borishiga kelishildi.
Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonga investitsiya kiritish hamda keng hamkorlik qilish istagini bildirgan qator salohiyatli korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari borasida kelishib olindi.
Ikki davlat oʻrtasida chorvachilik mahsulotlarining tovar aylanmasini taʼminlash va tadbirkorlik subyektlari, shuningdek investorlarga chorvachilik mahsulotlari savdosiga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida xalqaro veterinariya sertifikatlari loyihalari imzolanib, chorvachilik mahsulotlari va xom ashyolarini Oʻzbekistondan Turkiyaga eksport qilinishi uchun zamin yaratildi.