O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ilm-fan taraqqiyot yoʻlini ochib beradi

2019-08-15 | Fan

Zamonaviy dunyoda ilm-fan taraqqiyot vositasi boʻlib, dunyo mamlakatlari iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishning eng muhim elementlaridan biridir. Oʻzbekiston yirik ilmiy markaz hisoblanadi — yurtimizda rivojlangan ilmiy-tadqiqot bazasi ham mavjud, ilmiy salohiyat ham yetarli.

Mamlakatimizda yaratilgan ilmiy-texnik salohiyat mahalliy ishlab chiqarish va ijtimoiy sohaga yanada koʻproq daromad keltirishi zarurligi bugungi kun talabidir. Zamonaviy ilm-fanning koʻplab sohalarida nufuzli ilmiy maktablar faoliyat yuritmoqda. 300 dan ortiq ilmiy-tadqiqot institutlarida, davlat oliy oʻquv yurtlari va boshqa taʼlim muassasalarida olimlar tadqiqot ishlari bilan shugʻullanmoqdalar.

Respublikada olib borilayotgan ilmiy-innovatsion faoliyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb muammolarini hal etishga qaratilgan chuqur fundamental tadqiqotlar, ustuvor amaliy va innovatsion ilmiy-texnik ishlanmalarni qamrab oladi. Davlat darajasida ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohaga oid bir qator qarorlar qabul qilindi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Shunday qilib, ilm-fan deyarli barcha muhim sohalarni qamrab oladi, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ilmiy-texnik asos yaratadi. Keyingi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda barqarorlikka erishildi, rejali makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning bajarilishi taʼminlanmoqda. Bu, birinchi navbatda, respublikada maʼmuriy boshqaruvdan bozor iqtisodiyotiga oʻtishning uzoq muddatli iqtisodiy siyosatiga tayangan holda chuqur oʻylangan, amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning natijasidir. Mahalliy innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishni faollashtirish masalalariga tobora koʻproq eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston olimlarining xorijiy hamkasblar bilan xalqaro hamkorligi rivojlanmoqda. Ilmiy muassasalar xalqaro va xorijiy ilmiy fondlar va tashkilotlarning grantlari boʻyicha koʻplab qoʻshma shartnomalar tuzmoqda. Xitoy, Koreya Respublikasi, Fransiya, Italiya, Germaniya, Polsha, Rossiya, Ukraina, Belorussiya va boshqa qator ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qilish boʻyicha muhim shartnomalar imzolandi. Xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik ikki tomonlama bitimlar, xalqaro dasturlar boʻyicha ilmiy loyihalarni birgalikda bajarish asosida amalga oshirilmoqda. Olimlar almashinuvi va ularning xalqaro konferensiyalarda ishtiroki yoʻlga qoʻyildi. Yosh kadrlarning chet elda ham, mamlakatimizda ham loyihalar, dasturlar va tanlovlarda faol ishtirok etishiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Belarus Respublikasi bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish biz uchun eng muhim ustuvor vazifalardan biridir. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ni bajarish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

2019-yilning oktabr oyida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega qurilish materiallari ishlab chiqarishga ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar natijalarini joriy etish hamda Belarus Milliy fanlar akademiyasi va Belarus davlat texnologiya universiteti bilan hamkorlikda yuqori samarali qurilish materiallari turlarini yaratishga qaratilgan xalqaro ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Laboratoriya ishiga belaruslik olimlar va mutaxassislar jalb qilinadi. Ular tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalar umumiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish asosida oʻzlashtiriladi.

2019-2020-yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy amaliy markazi sunʼiy intellekt sohasidagi tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida Belarusiyaning “InData Labs” kompaniyasi va Belarus Milliy fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda maxsus boʻlinma tashkil etish koʻzda tutilgan. Bu yerda ilmiy ishlanmalar, maʼlumotlar bazasi natijalari tahlil qilinadi, tadbirkorlik subyektlarini jalb etishga qaratilgan elektron platforma yaratiladi.

Vazirlik tashabbusi bilan mamlakatimizning yuzga yaqin yosh olimlari hamda 30 nafar oliy taʼlim muassasalarining Ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, ITM direktorlarining oʻrinbosarlari Belorussiyaning ilmiy-tadqiqot institutlari va nufuzli oliy taʼlim muassasalarida qisqa muddatli amaliyot oʻtadilar va oʻtamoqdalar. Davlatlarimiz oʻrtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlik yuqori darajaga koʻtarildi va oʻz samarasini bermoqda. Tomonlar 15 dan ortiq qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mavjud katta salohiyatdan yanada samarali foydalanish maqsadida joriy yilda ikki tomonlama ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Xususan, bu biotexnologiya, farmatsevtika, energetika va axborot texnologiyalari sohasida tadqiqotlarni amalga oshirish va rivojlantirish, ularni amaliyotga joriy etishdir.

Natijada ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatiladi va ilmiy-texnik axborot almashiladi. Qoʻshma xalqaro tadbirlar — konferensiyalar, seminarlar, koʻrgazmalar oʻtkazishdan tashqari, Belarus ilmiy muassasalari vakillari joriy yilning oktyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Innoweek” xalqaro innovatsion yarmarkasi va innovatsion investitsion forumga tashrif buyuradilar.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belorussiyaga rasmiy tashrifi chogʻida texnologiyalar transferi va tijoratlashtirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik doirasida yuqori texnologiyali qoʻshma laboratoriyalar, texnologik va ilmiy bogʻlar tashkil etish, shuningdek, texnologiyalar transferi tarmogʻini yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

 

Ibrohim Abdurahmonov,

innovatsion rivojlanish vaziri,

Oʻzbekiston fanlar akademiyasi akademigi,

Jahon fanlar akademiyasi aʼzosi.

Поделиться