O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Zamonaviy shaharsozlik: taraqqiyot sari ildam qadamlar

2019-08-14 | Jamiyat

Shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan yangilash, aholining ijtimoiy sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida obod va go‘zal maskanlar ko‘paymoqda.

Bu kabi islohotlarning aksariyati yangicha ruhda, keng ko‘lamda zamonaviy ko‘rinishda amalga oshirilmoqda. Jumladan, poytaxtimizda “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi ishlari jadal olib borilmoqda.

“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi loyihasi “ARUP” (Buyuk Britaniya), “Tabanlioglu” (Turkiya), “DPArchitects” (Singapur) va boshqa yetakchi xalqaro kompaniyalarni jalb qilgan holda ishlab chiqilgan. E’tiborlisi, qurilish ishlariga davlat mablag‘lari jalb qilinmagan. Yangi maskan jahon standartlariga mos ravishda 3 yilda bitkazilishi rejalashtirilgan. Hududda qurilayotgan dastlabki ob'yektlardan biri besh yulduzli mehmonxona va “Kongress xoll“ hisoblanadi. “Tashkent City” poytaxtimiz mehmonlari, tadbirkorlar va xalqimizga xizmat ko‘rsatadi. “Kongress xoll“dan esa davlat tadbirlarini o‘tkazish uchun foydalaniladi.

Hududdagi 80 gektar maydonda biznes markaz, sanoat parki, savdo majmualari, konferentsiya zallari, restoran va madaniy markazlar, ko‘p qavatli uylar jadal sur’atda qurilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ob'yektlar qurilishida nostandart ishlanmalar va arxitektorlik loyihalaridan foydalanilgan. “Hilton” mehmonxonasi mustahkamligini ta’minlash uchun 37 metrgacha bo‘lgan chuqurlikka 378 dan ortiq qoziqlar o‘rnatildi. “Kongress xoll“ ostidagi tuproq mustahkamlanishi purkovchi sementlash texnologiyasi yordamida amalga oshirildi. Mazkur binoning ostiga 3 ming 900 qoziq o‘rnatilgan. Bunday texnologiyani amaliyotga qo‘llashda, avvalo, gruntning murakkab tarkibi va binoning og‘ir vazni alohida e’tiborga olingan. 4 ming 500 tonnaga yaqin po‘lat, oyna va alyumin to‘rdan tarkib topgan fasad qoplamasidan foydalanildi.

“Tashkent City” parki ochilishiga ham oz vaqt qoldi. Unda sayr va dam olish maydoni, sun’iy hovuz va atrofida ko‘rkam restoranlar quriladi. Xalqaro standartlar asosida jihozlanadigan planetariy loyihasini turkiyalik mutaxassislar ishlab chiqqan.

- Dunyoning ko‘p mamlakatlarida favvoralar qurganmiz, - deydi Xitoyning favvoralarni loyihalashtirish va qurish bo‘yicha mashxur kompaniyasi vakili Yao Tao Yong. - O‘zbekistondagi eng katta favvora bo‘lishi kutilayotgan “Tashkent City” hududidagi sun’iy ko‘l 138 katta-kichik gidrotexnik qurilmalardan tashkil topadi. Favvora rangli va musiqiy bo‘ladi. Buning uchun favvora atrofiga 600 ga yaqin rangli projektor o‘rnatiladi. Favvoraning o‘ziga xos jihatlaridan biri suvning 80 metrgacha yuqoriga otilishida aks etadi. Maxsus effektlar uchun esa zamonaviy mexanizmlar o‘rnatiladi. Ular suvning shakl bilan sochilishini ta’minlaydi.

Favvoraning ishlash tizimidagi noyob jihatlardan yana biri maxsus texnika yordamida qisqa videolavhalarni ko‘rsatishdir. Ya’ni uning yordamida o‘lchami 20x40 metr bo‘lgan “suv ekrani“ paydo bo‘ladi. Loyiha mutaxassislari konstruktsiyaning ortiqcha yuklanishsiz ishlashi va har birini alohida sozlash mumkin bo‘lishi uchun maxsus tizimni ishlab chiqqan. Shuningdek, o‘ziga xos effektlar uchun 2 qo‘shimcha lazer o‘rnatish rejalashtirilgan.

“Tashkent City” xiyobonida maydoni 1,5 gektarga teng sun’iy ko‘l ham barpo etiladi.

- Sun’iy ko‘l uchun biologik dizayn qo‘llanilmoqda, - deydi Turkiyaning “Bioart“ kompaniyasi boshqaruvi raisi Erdal Yesil. - Bu usul O‘zbekistonda ilk bor qo‘llanilmoqda. Ko‘l biologik toza suv bilan to‘ldiriladi. Suvni almashtirishga hojat bo‘lmaydi, chunki yangi tizim ko‘ldagi suvni avtomatik tarzda tozalab turadi.

“Tashkent City” qurilishida jasur qiz ishtirok etayotganidan ko‘pchilik yaxshi xabardor. U - osmono‘par kran boshqaruvchisi Nargiza Arslonovadir. Beixtiyor Nargizaning jasoratiga qoyil qolasiz.

- Boshida bu yerdagi ulkan qurilishni ko‘rib, to‘g‘risi hayajonlanganman, - dedi N.Arslonova. - Hozir faxr hissini tuyaman. Chunki poytaxtimizning qoq markazida qad rostlayotgan go‘zal va betakror “Tashkent City” qurilishida mening ham mehnatim bor.

Bugun azim Toshkent qiyofasi tubdan yangilanmoqda. Poytaxtimizning Olmazor, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod kabi bir nechta tumanlarida ham “Tashkent City” andozasiga yaqin zamonaviy maskanlar barpo etilmoqda.

Jumladan, Olmazor tumanida qurilayotgan zamonaviy dizayndagi “Olmazor city” turar joy majmuasi o‘ziga xos uslubga ega bo‘ladi.

Umumiy qurilish maydoni 23,5 gektardan iborat hudud Kichik halqa yo‘li, Qorasaroy, Yangi Olmazor va Shimoliy Olmazor ko‘chalari kesishuvida bunyod etilmoqda. Bu yerda turar joy majmualari, ta’lim, tibbiyot muassasalari, sport majmualari, ovqatlanish va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘ngilochar markazlar quriladi.

Qurilishning birinchi bosqichi 2020 yilda tugallanishi rejalashtirilgan. Demak, bir yildan so‘ng “Olmazor city”dagi yangi xonadonlarda uy to‘ylari bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, yangi uylarni Turkiyaning “Mesa Mesken” qurilish kompaniyasi zamonaviy “Tunnel qolip” usulida barpo etmoqda. Kompaniya mutaxassislari so‘ziga ko‘ra, “Tunnel qolip”ning an’anaviy usullardan farqli jihati binoning seysmik mustahkamligi, qurilish jarayoni tezligida ko‘zga tashlanadi. Xususan, 9, 12 va 18 qavatli uylar zilzila vaqtida 9 ballgacha silkinishga bardosh beradi.

- Hududda havoni tozalovchi va yoqimli mikroiqlim yaratishga imkon beradigan daraxtlar ekiladi. Anhor bo‘yidagi sayr qilish hududining uzunligi 800 metr bo‘ladi. Bu yerda xiyobon bo‘ylab sayr qilish, maxsus yo‘lakda velosipedda uchish mumkin. Musaffo tabiat qo‘ynidagi ko‘kalamzorda o‘tirib hordiq chiqarish, tamaddi qilish imkoni mavjud bo‘ladi, - deydi “Olmazor city” turar joy majmuasi menejeri Baxtiyor Ubaydullayev.

Aytilishicha, xonadonlar ta’mirlangan, yashash uchun tayyor holda foydalanishga topshiriladi. Yer osti avtoturargohi ko‘p qavatli uylar hovlisida tabiiy muhitni saqlash imkonini beradi.

Turar joy majmuasi xavfsizligi ham alohida e’tiborga olinadi. Bu yerda qo‘riqlash xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Majmuada yashovchilar uchun maxsus ID-karta beriladi. Bu hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hududda sport-sog‘lomlashtirish majmuasi quriladi. Bu yerda 2 ming kvadrat metr maydonda suzish havzasi, fitnes zali, sauna, fitobar bo‘ladi.

Yana bir qulayligi majmuaga yaqin 2-2 yarim kilometr masofada ikkita metro bekati mavjud. Ya’ni aholi shahar markaziga chiqish uchun ortiqcha qiyinchilikka uchramaydi. Shuningdek, yangi uylarni 3 yil muddatga bo‘lib to‘lash asosida xarid qilish imkoniyati ham mavjud.

Bu kabi ulkan qurilish zamirida xalqimiz turmushi farovonligini, ularga munosib turmush sharoitini yaratish maqsadi mujassam.

 

Abdulaziz MUSAYEV, Nurillo NASRIYEV, O‘zA

Поделиться