O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, moliya institutlari, tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida yangilanish va ijobiy o‘zgarishlar kechayotgani, ulkan bunyodkorlik va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ham faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda mazkur bank bilan iqtisodiyotning turli sektorlarida, ijtimoiy soha va boshqa manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Bank mamlakatimizda muhim loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etmoqda. Buxoro viloyatida infratuzilmani yaxshilash maqsadida kredit mablag‘lari ajratish rejalashtirilgan.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 2022 yil yakuniga qadar Buxoro viloyatining 99 foiz aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, oqova tizimining 83 foizi yangilanadi.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda “Obod qishloq” dasturini samarali ro‘yobga chiqarish maqsadida Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qo‘shimcha mablag‘larini jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Davra suhbatida mamlakatimizda uy-joy fondini saqlash, kommunal xizmatlari ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, aholining arzon uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida zamonaviy transport infratuzilmasini barpo etish, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti va telekommunikatsiyalar sohasida qator loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
G‘ayrat XONNAZAROV, Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA