O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolardan tibbiyot muassasalari hududlaridagi maxsus joylarda kutishlarini, sanitariya qoidalariga rioya etishlarini so‘raydi
2019-08-09 | Sog‘liqni saqlash
Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialidagi holat aks etgan fotomaterial Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan atroflicha o‘rganilib, quyidagilarni ma’lum qiladi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida jami 2056 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritib keladi. Ayni paytda ushbu muassasada 3 ta reanimatsiya bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizdagi eng zamonaviy va sanitariya qoidalariga javob beradigan maskanlar sirasiga kiradi. Xususan, 36 ta reanimatsiya o‘rin joylarida kunu-tun ishlaydigan 9 nafar tajribali vrach, 18 nafar malakali o‘rta tibbiyot xodimi hamda 12 nafar kichik tibbiyot xodimlari navbatchiligi tashkil etilgan.
Ko‘rinib turibdiki, avvalo, bemorlarning qarindoshlari shifoxona hududida kutib turishlari uchun uncha ehtiyoj yo‘q. Shuningdek, filial hududida bemorlarning qarindoshlari kutib turishi uchun o‘rindiqlar, maxsus zamonaviy ayvon mavjud. Ko‘pgina qulayliklarga ega, aloqa vositalari bilan ta’minlangan maxsus kutish zali xam tashkil etilgan.
Afsuski, filial hududida bemorlarning yaqinlari tayyor, toza va zamonaviy kutish joylardan ko‘ra, ko‘rpa-to‘shak qilib, yerda o‘tirishni afzal ko‘rmoqda. Bu ham yetmagandek, muassasaga tez yordam mashinalarining qatnoviga, turli avtotransportlarning kirishiga xalaqit bermoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda aks etgan, ko‘chada yotgan fuqarolarga tinchgina uylariga borib, telefon orqali yaqinlari holidan xabardor bo‘lishi yoki maxsus ajratilgan joylarda dam olishlari mumkinligi haqida ko‘p bora tushuntirilmoqda.
Fuqarolarning bunday harakatlari bemorlarga yordam bermaydi, aksincha, ularning sifatli davolanishiga xalaqit berish bilan bir qatorda, tibbiyot muassasasi hududida sanitariya qoidalari buzilishiga ham sabab bo‘ladi. Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolardan nafaqat Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali, balki boshqa tibbiyot muassasalari hududlarida ham maxsus joylarda kutishlarini, sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qoladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, davlatimiz tomonidan aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2019 yilda Investitsiya dasturi doirasida Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi jami 14 ta ob'yektda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni paytda 10 ta ob'yektda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan. Yil yakuniga qadar qolgan ob'yektlarda ham ishlar yakuniga yetkaziladi. Tabiiyki, ushbu sa’y-harakatlar aholini sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat bilan qamrab olish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.