O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy ta’limda "Korruptsiyasiz soha" loyihasi amalga oshiriladi
2019-08-09 | Jamiyat
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Ta’lim muassasalarida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarma prokurori Sardor Mamanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i Otabek Bazarov, shuningdek, O‘zDJTU professor o‘qituvchilari va rahbar-xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori G‘. Raximov ochib berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi B. Matmuratov so‘zga chiqib, 2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi, Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yangi tarkibi, 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida “Korruptsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilishi kabi masalalar xususida ma’lumot berdi.
U oliy ta’lim sohasidagi eng katta doimiy muammolarni sanar ekan, ular qatorida avvalo o‘qituvchilarning bilimi yetarli emasligi, talaba-yoshlar orasidagi odob-axloq qoidalari, shuningdek, korruptsiya turishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarma prokurori Sardor Mamanov ham so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasida korruptsiyaga qarshi kurashish yo‘lida qator ishlar qilnganligi, shu bilan birga bu borada salmoqli ishlar qilish vazifasi bugungi kunning har bir fuqarosiga taalluqli ekanligini ta’kidladi va bir qator misollar keltirib o‘tdi.
Tadbir yakunida O‘zDJTU O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri Nilufar Djurayeva so‘zga chiqib, universitetdagi bu borada qilinayotgan islohotlarni sanab o‘tdi va bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.