Davlatimiz rahbarining 2018 yilning 25 yanvardagi “U mumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari o‘rta maxsus tibbiy ta’lim tizimidagi islohotlarni jadallashtirishga zamin yaratmoqda. Ayni paytda mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, ushbu hujjatlardan kelib chiqqan holda joriy o‘quv yilida tibbiyot kollejlariga o‘qishga qabul qilish tartibi qanday bo‘ladi? Qabul jarayonida qanday yangiliklar ko‘zda tutilgan? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va ta’lim bosh boshqarmasi mutaxassisi Lutfiya YuSUPOVAga murojaat qildik.
— Suhbatimizni tibbiyot kollejlari faoliyatidagi yuz bergan o‘zgarishlardan boshlasak?
— Darhaqiqat, tibbiyot kollejlari faoliyati tubdan isloh qilinib, o‘qish muddati 3 yildan 2 yilga qisqartirildi. Ilgari tibbiyot kollejlariga o‘rta maktablarning 9-sinf bituvchilari qabul qilingan bo‘lsa, joriy 2019/2020 o‘quv yilidan maktablarning 11 sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Shuningdek, yangi “tibbiy-ijtimoiy ishi” yo‘nalishida ta’lim bir yarim yillik etib belgilandi. Endilikda yoshlarimiz tibbiyot kollejlarida hamshiralik ishi, farmatsiya, tibbiy profilaktika ishi, stomatologiya ishi, feldsherlik ishi, feldsherlik-laboratoriya ishi, tibbiy-ijtimoiy ishi kabi 7 ta yo‘nalishda malakali mutaxassis bo‘lib yetishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
— Avvalgi yillardagidek tibbiyot kollejlariga yangi o‘quv yilida ham kvotalar belgilanganmi va imtihon jarayoni qay tartibda o‘tkaziladi?
— Ayni paytda bu haqda tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Unga asosan 2019/2020 o‘quv yili uchun ham hududlardagi tibbiyot kollejlarining ehtiyoji va qamroviga qarab davlat komissiyasi qarori asosida kvotalar ajratilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, agar o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar soni belgilangan kvotalardan oshib ketsa, qabul jarayoni imtihon asosida o‘tkaziladi. Tayyorlangan loyihaga ko‘ra, bunday holatlarda o‘quvchilar ta’limning uchta fan yo‘nalishi — kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot fanlaridan yozma shaklda imtihon topshiradi. Har bir fan uchun alohida-alohida imtihon kunlari belgilanadi. Yozma imtihon savollari davlat komissiyasi markazi xodimlari tomonidan tasdiqlangan bilet varaqalari ko‘rinishida bo‘lib, o‘quvchiga ushbu yozma ishlar uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Imtihonning ertasi kuni javob varaqalari maxsus e’lonlar oynasiga ilib qo‘yiladi. Natijalarga ko‘ra, o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishadi.
— Abituriyentlardan qabul jarayonida qanday hujjatlar qabul qilinadi?
— Abituriyentlar mutaxassisligi va kasbi, o‘qitish tili, ta’lim muassasasini tugatganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni ko‘rsatgan holda ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza, pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, umumiy o‘rta ta’limni tugatganlik haqidagi hujjatning asl nusxasi, 3,5-4,5 o‘lchamdagi 6 ta fotosurat taqdim etishadi.
— Joriy yilda ham tibbiyot kollejlarida ikkinchi mutaxassislik uchun o‘rinlar belgilanadimi?
— Bu yilda tibbiyot kollejlarida ikkinchi mutaxassislik uchun alohida o‘rin ajratish ko‘zda tutilmagan. Ammo ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olish istagidagi fuqarolar, barcha abituriyentlar qatori ajratiladigan kvotalar asosida belgilangan tartibda imtihon topshirishlari mumkin.
— Tibbiyot kollejlaridagi qabul jarayoni bilan bog‘liq savollar bilan kimga murojaat qilish mumkin?
— Joriy o‘quv yilidagi qabul jarayoni uchun barcha tibbiyot kollejlarida qabul komissiyalari tuzilgan. Ota-onalar hamda o‘quvchilar qabul bilan bog‘liq barcha savollarga qabul komissiyasi orqali batafsil ma’lumot olishlari mumkin. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining Fan va ta’lim bosh boshqarmasining (71) 241-16-91 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin.