7 avgust kuni poytaxtimizdagi “Universal sport saroyi“da taekvondo (WT) boʻyicha kadetlar oʻrtasida jahon chempionati start oldi.
Jahonning 67 davlatidan qariyb 850 nafar sportchi ishtirok etayotgan musobaqa butun dunyo sport jamoatchiligi eʼtiborida boʻlib turibdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buni ushbu musobaqaga jahon taekvondo federatsiyasi prezidenti, doktor Chung Van Choydek yuqori martabali mehmonning tashrif buyurgani ham tasdiqlaydi.
Biroz avval “Universal sport saroyi“da taekvondo WT boʻyicha kadetlar oʻrtasida jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Jahon taekvondo WT federatsiyasi prezidenti janob Chung Van Choy, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va boshqa sport mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Jahon taekvondo WT federatsiyasi prezidenti janob Chung Van Choy yurtimizda taekvondo sportini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlagan holda bu ishlarning boshida shaxsan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev turganligini, Prezidentimiz taekvondo sportini nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda ommalashtirishga bosh-qosh boʻlayotganligini alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, musobaqa ishtirokchilariga omadlar tilab, ular kelajakda yirik sport arenalarida, jumladan 2024-yilgi Olimpiya oʻyinlarida ham qatnashishlariga umid bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov esa yuqori martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlagan holda mamlakatimiz kelgusida bundanda yirik sport anjumanlariga mezbonlik qilishga tayyorligini aytib oʻtdi hamda musobaqani ochiq deb eʼlon qildi.
Shundan soʻng mamlakatimiz sportchi va sanʼatkorlari oʻz chiqishlari bilan muhtasham arenaga kelgan mehmonlarni xushnud etdi.
Bugun taekvondo WT boʻyicha kadetlar oʻrtasidagi jahon chempionatida beshta vazn toifasida gʻoliblar aniqlanadi. Afsuski jahon chempionatining ilk kunida hamyurtlarimiz medallar uchun kurashish imkoniyatini qoʻldan chiqardi. Biroq, tushkunlikka tushishga hojat yoʻq, negaki oldinda yana 15 nafar atletimiz oʻz navbatini kutib turibdi. Umid qilamizki musobaqaning keyingi kunlarida sportchilarimiz oʻz muxlislarini xushnud etadi.
O.ESHMAMATOV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA