O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston Elchisi bilan uchrashuv
2019-08-06 | Siyosat
2019-yilning 5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Hindiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Santosh Ja bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi mojaroni hal qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Hindistonning sa’y-harakatlari, ushbu mamlakatda turli loyihalarni birgalikda amalga oshirishdagi O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Hindiston tomoni Afg‘onistonda siyosiy tinchlik jarayonini boshlash borasidagi O‘zbekistonning sa’y-harakatlari, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy loyihalarga yuqori baho berdi.
Hindiston Elchisi Afg‘onistonni mintaqaviy loyihalarga ko’proq jalb qilishning muhimligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston tomonining fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Bu jarayon joriy yil yanvar oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotida Afg‘oniston tomonining ishtiroki misolida yaqqol o‘z aksini topdi.