O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
2019-08-01 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublikaning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi salohiyatini yanada oshirish, olib borilayotgan islohotlar va zamon talabiga toʻliq javob beradigan ishlab chiqarish, qayta ishlash, standartlash hamda agrobiznes yoʻnalishida konsalting, marketing xizmatlarini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarga asoslangan intensiv agrosanoat tizimini tashkil qilish, oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2021 yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining asosiy turlarini qayta ishlash va eksport qilishning prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
xorijiy kredit liniyalari hisobidan yirik agrologistika komplekslarini tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi2-ilovaga muvofiq;
zamonaviy agrologistika markazlarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha investitsiya loyihalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;
import oʻrnini bosuvchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;
meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlardagi samarasiz bogʻlar oʻrnida intensiv bogʻlar tashkil etishning maqsadli parametrlari 6-ilovaga muvofiq;
respublika hamda hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari huzuridagi sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 7-ilovaga muvofiq;
qabul qilinadigan oziq-ovqat sanoati sohasidagi xalqaro standartlar roʻyxati 8-ilovaga muvofiq;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (bundan buyon – “Yoʻl xaritasi”) 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi,Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va “Asaka” ATB hamda boshqa tijorat banklari bilan birgalikda jalb etilayotgan quyidagi manbalar hisobidan:
a) mazkur qarorning 2-5-ilovalariga muvofiq amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari va chora-tadbirlarga tegishliligi boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari qoʻshma investitsiya kompaniyasi mablagʻlari;
Jahon bankining qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshlikni oshirish uchun 200,0 million AQSH dollari hamda qishloq xoʻjaligida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun200,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari;
Osiyo taraqqiyot bankining yirik zamonaviy agrologistika komplekslarini tashkil etish uchun 347,0 million AQSH dollari va chorvachilikni rivojlantirish uchun 150,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari;
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun 200,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari;
Fransiya rivojlanish agentligining chorvachilikni rivojlantirish uchun 170,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari;
Xalqaro qishloq xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasining qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish uchun46,6 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari;
b) mazkur qarorning 7-ilovasida nazarda tutilgan sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga Jahon bankining 6,2 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlarining yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish”loyihasini amalga oshirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qilsin:
loyihaning umumiy qiymati 244,75 million AQSH dollari, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablagʻlari 197,0 million AQSH dollari, Oʻzbekiston Respublikasining ulushi soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash va boshqa sarf-xarajatlarni investitsiya davrida moliyalashtirish evaziga jami 47,75 millionAQSH dollari ekvivalentini tashkil etishi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligini loyihaning buyurtmachisi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligini esa uning ijro etuvchi organi etib belgilash;
Osiyo taraqqiyot banki bilan imzolangan qarz bitimi va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqini berish hamda loyihaning amalga oshirilishini tezlashtirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida imzolanadigan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qarz bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
5. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhi (bundan buyon – Ishchi guruh) 10-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga mazkur qarorning 2-9-ilovalarida nazarda tutilgan investitsiya loyihalari va tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish, loyiha tashabbuskorlari bilan birma-bir uchrashib, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni hal etishga koʻmaklashish hamda ularning muddatida va sifatli amalga oshirilishini monitoring qilishvazifasi yuklatilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur qaror ilovalariga muvofiq amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur yer maydonlari va boʻsh binolar ajratilishini hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish masalalarini hal etsin.
Ishchi guruhi (B.Xodjayev) mazkur qaror ijrosining borishi yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sektorida yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni ragʻbatlantirish maqsadida ekinlarni joylashtirish va qayta ishlashning samarali infratuzilmasini yaratish;
mahsulotlarni yigʻish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash, ichki va tashqi bozorga yetkazib berish borasida xizmat koʻrsatuvchi zamonaviy agrologistika komplekslari va markazlari tizimini shakllantirish;
agrologistika komplekslari va markazlarini joylashtirish, qurish, ularni boshqarish boʻyicha kompaniyalarni tashkil etish;
xususiy sektorni keng jalb qilgan holda agrologistika komplekslari va markazlarida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro talablar asosida, sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha toʻliq sinovlarni oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan laboratoriyalar, bojxona terminallari va boshqa xizmatlarni yoʻlga qoʻyish;
kooperatsiya ishtirokchilari, dehqon va fermer xoʻjaliklari, agroklasterlar va qishloq xoʻjaligi birlashmalarini yaratilayotgan agrologistika komplekslari va markazlari faoliyatiga keng jalb qilgan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va eksport hajmlarini oshirish boʻyicha manfaatdor vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlariga erishish uchun amalga oshirilayotgan ishlarni;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning muddatida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirib boradi;
v) “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK:
mazkur qarorning 5-ilovasida nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan choralar koʻradi;
import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish boʻyicha ishlarni tizimli tashkil etadi.
7. 2019-yil 1-avgustdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) qishloq xoʻjaligi mahsulotini eksport qiluvchilarning mahsulotni sertifikatlashtirish boʻyicha xarajatlari“Oʻzstandart” agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;
b) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasimablagʻlari hisobidan:
milliy valyutada, qiymati 10 milliard soʻmdan oshmaydigan miqdordagi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foiz stavkasida – qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan qismiga, biroq 5 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
xorijiy valyutada, qiymati ekvivalentda 10 milliard soʻmdan oshmaydigan miqdorda jalb qilinadigan kreditlar boʻyicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 40 foizi, ammo 4 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya beriladi;
kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi;
v) mazkur qarorning 6-ilovasiga muvofiq samarasiz bogʻlar oʻrnida intensiv bogʻlar tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi PQ-4246-son “Oʻzbekiston Respublikasida bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori 7-bandining “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari tatbiq etiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi:
Samarqand, Andijon, Toshkent, Fargʻona, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq hududlarda barpo qilinadigan yirik agrologistika komplekslari uchun yer maydonlarini ajratish, agrologistika komplekslarini muhandislik, yoʻl va transport infratuzilmalariga ulanishini taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Buxoro va Xorazm viloyati hokimliklari bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar Buxoro va Xorazm viloyatlarida yirik agrologistika komplekslarini barpo etish uchun xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlarini jalb etish choralarini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan kooperatsiya birlashuvini joriy qilish boʻyicha Jizzax viloyatining Gʻallaorol va Zomin tumanlarida, Samarqand viloyatining Bulungʻur va Urgut tumanlarida, Fargʻona viloyatining Oltiariq va Quva tumanlarida, Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarida oʻtkazilgan tajriba-sinovlarning ijobiy natijalariga koʻra mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida ommalashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish (sotish boʻyicha xizmat koʻrsatish), taʼminot, bogʻdorchilik, tomorqa, chorvachilik xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatuvchilar tomonidan aʼzolik badallari (paylarni) kiritish asosida tashkil qilingan qishloq xoʻjaligi birlashmalari subyektlari sonini oshirish, ularga keng imkoniyat va qoʻshimcha qulayliklar yaratish mazkur sohadagi ustuvor yoʻnalishlar deb belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar va uyushmalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida aholi, tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan qishloq xoʻjaligi kooperatsiya birlashmalarini tashkil qilish, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritishni keng joriy qilish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:
2019-yil 1-oktyabrga qadar bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning aniq manbalarini koʻzda tutgan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-martdagi PQ-4239-son “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 5-bandida nazarda tutilgan qishloq xoʻjaligi birlashmalari va ularning aʼzolariga davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarining taʼsirchanligini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
2019-yil 1-sentyabrga qadar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini taʼminlash, xalqaro bozorlarda “oʻzbek sifati” belgisini yanada mustahkamlash va unga eʼtiborni kuchaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralaridan foydalangan holda quriladigan agrologistika komplekslari va markazlarida zamonaviy saqlash joylari, shu jumladan, tez buziladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini maqbul va uzoq saqlashga moʻljallangan muzlatish omborlari va termo-rejim omborlari, transport parki, mahsulotning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish uchun ularni milliy va xalqaro standartlarga muvofiq kalibrlash, qadoqlash va markirovkalash uchun uskunalarning mavjudligi, mahsulot va uni yetishtirish agrotexnologik jarayonlarining sifat koʻrsatkichlari muvofiqligini tekshirish uchun laboratoriya mavjudligiga eʼtibor qaratsin.
12. “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
mazkur qarorning 8-ilovasida nazarda tutilgan hujjatlarni asli yozilgan tillarda qabul qilish;
xalqaro standartlarni davlat tiliga tarjima qilish orqali davlat fondiga kiritish ishlarini Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish va 2019-2021 yillarda teng ulushlarda 4,5 milliard soʻm mablagʻ ajratish;
2019-2021 yillarda hududlarda oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining xalqaro talablar asosida, sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha toʻliq sinovlarni oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan laboratoriyalarni tashkil etish choralarini koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi:
2019-yil 1-noyabrga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Namangan va Buxoro viloyatlari hududiy inspeksiyalarini bino bilan taʼminlash va zamonaviy xalqaro laboratoriya talablariga javob beradigan uskunalar bilan jihozlash;
markaziy karantin laboratoriyasi hamda Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari hududiy inspeksiyalarining zamonaviy laboratoriya binolarini qurishishlarini 2020-yil 1-aprelga qadar yakunlash;
2020-yil 1-sentyabrga qadar markaziy karantin laboratoriyasini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish;
2020-yil 1-noyabrga qadar markaziy va hududiy karantin inspeksiyalarini qoʻshimcha 5 ta sayyor (mobil) laboratoriyalar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi PQ-3818-son “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga 2-ilovadan “8418 69 000 9” va “8415 81 001 0” pozitsiyalar chiqarib tashlansin.15. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar“agroonline.uz” axborot tizimi negizida:
aholi xonadonlari, dehqon hamda fermer xoʻjaliklari dalalarida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlari va hajmlari boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasini;
tayyorlov korxonalari, saqlovchi, qayta ishlovchi, eksport qiluvchi tashkilotlar va boshqa xaridorlarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini mahsulot turlari va hajmlari boʻyicha yagona elektron axborot tizimini;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, qishloq xoʻjaligi birlashmalari va ulgurji xaridorlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamda shartnomaviy munosabatlarni (kontraktatsiya) elektron tijorat shaklida tashkil etish tizimini ishlab chiqib, joriy etilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 29-iyul