O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostida sanoat koʻrgazmasi ish boshladi
2019-07-31 | Iqtisodiyot
Fargʻonada “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostida viloyat sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi ish boshladi.
Mamlakatimizda oilaviy biznes, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlarning barcha yoʻnalishdagi salohiyatini roʻyobga chiqarish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar bugun oʻzining amaliy samaralarini bermoqda. Xususan, Fargʻona viloyatida ham tadbirkorlarning istiqbolli loyihalari ishga tushishi natijasida raqobatbardosh, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Fargʻona shahar kichik sanoat zonasining katta pavilyonida tashkil etilgan mazkur koʻrgazmada bu yanada yaqqol namoyon boʻldi.
Yarmarkada qatnashayotgan Qoʻshtepa tumanidagi “Fiber Glass” oilaviy korxonasida yuvinish xonasi, oshxona va hojatxona uchun akril shishaplastdan santexnika vositalari ishlab chiqariladi. Hozircha ichki bozorni toʻldirayotgan mazkur korxona oʻz mahsulotlarini yaqin kunlarda eksport qilish harakatida. Margʻilon shahridagi “Fargʻonaquvur taʼminot” korxonasi esa mazkur nufuzli koʻrgazmada ishtirok etib, hamkorlar uchun turli hajmdagi isitish qozonlari va temir panjaralarni taklif qilmoqda. Turli sigʻimdagi isitish qozonlari Qoʻshtepa, Toshloq tumanlari, Margʻilon va Fargʻona shaharlaridagi maktabgacha taʼlim maskanlari, maktablar, shifoxona va koʻp qavatli uylarga oʻrnatilmoqda. Gaz, koʻmir, oʻtin yoqishga moʻljallangan ushbu qozonlar kamxarj va koʻproq issiqlik ishlab chiqarishi bilan yarmarka ishtirokchilarining eʼtiborini tortdi.
– “Winchemical” Oʻzbekiston – Janubiy Koreya qoʻshma korxonasi bu koʻrgazmaga yangi mahsulotlarini olib keldi, – deydi korxona mutaxassisi Bahrom Joʻrayev. – Oʻnga yaqin gulqogʻozlar, devorga yopishtiriladigan gʻishtsimon moslamalar, toʻshamalarning xona haroratini bir meʼyorda ushlab turishi, izolyatsion ekani, yuvish osonligi koʻpchilikka manzur boʻlmoqda.
Sanoat yarmarkasida ishtirokchilar eʼtiboriga sazovor boʻlgan Buvayda tumanidagi “Fozilxon treyler” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tayyorlanayotgan yengil avtomobillar uchun tirkamalar buyurtma asosida vodiy viloyatlariga yetkazib berilmoqda. Tirkamalar ishlab chiqarishda xomashyoning 80 foizi mahalliy boʻlsa, 20 foizi Rossiya davlatidan keltirilyapti. Korxona uchun joy muammosi bor edi, koʻrgazma sabab tumandagi kichik sanoat zonasidan yer ajratiladigan boʻldi.
Shu tumandagi turkiyalik hamkorlar bilan tashkil etilgan “Sido” oyoq kiyimlari ishlab chiqarish qoʻshma korxonasi erkak va ayollar uchun oʻz mahsulotlarini namoyish qilmoqda.
– Inson biror narsa xarid qilar ekan, uni kiyganda sifatidan bahramand boʻlishi kerak, – deydi turkiyalik ishbilarmon Bulgan Sinan. – Maqsadimiz qulay, arzon, bejirim va, eng asosiysi, sifatli mahsulotlar tayyorlash. Yigirma nafarga yaqin ishchi sonini kelajakda koʻpaytirib, qoʻshma korxonamizni yanada kengaytirmoqchimiz. Bolalar oyoq kiyimlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, import oʻrnini bosish niyatidamiz.
2015-yilda tashkil topgan “Margʻilon tekstil boʻyoq” masʼuliyati cheklangan jamiyati matolarni boʻyash faoliyati bilan shugʻullanadi. Bu yerda bir oyda 100 pagonometr materiallar turfa ranglarda jilolanib, xaridorlarga yetkazilmoqda. Korxona ishchisi Muhammadali Nabiyevning aytishicha, galdagi harakat faqat eksportga yoʻnaltiriladi.
– Yarmarkada “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasining deyarli barcha mahsulotlari namoyish qilinmoqda, – deydi korxona bosh direktori Abdurahmon Niyozov. – Bunday koʻrgazmaning ahamiyati shundaki, bizga zarur xomashyo boshqa bir tadbirkorda boʻlishi mumkin. Masalan, oyoq kiyim ishlab chiqaradigan qator dastgohlar korxonamizda tayyorlanadi. Yarmarkada biz bilan yonma-yon turgan oyoq kiyim ishlab chiqaruvchilar xorijdan falon pulga uskunalar olib kelmoqchi ekan. Oyoq kiyim ishlab chiqarishga moʻljallangan dastgohlarimizni koʻrishdi, ularga maʼqul kelyapti. Ularni yoʻlkiraga ketadigan mablagʻ evaziga sotib olishlari mumkin endi. Koʻrgazma mobaynidagi kelishuvlar, shartnomalar yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshadi, degan umiddaman.
Viloyatning sanoat salohiyatini yanada oshirish, import oʻrnini bosuvchi yangi mahsulotlar hisobiga eksport geografiyasini kengaytirish, ishlab chiqaruvchi korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda ushbu yarmarka alohida oʻringa ega boʻladi. Fargʻona sanoati mamlakatimizda yetakchi oʻrinni egallashi uchun oʻzaro hamjihatlikda faoliyat yuritish esa yutuqlarimiz bardavomligini taʼminlaydi.
Mazkur sanoat yarmarkasi bir hafta davom etadi.
Maʼsudjon SULAYMONOV, OʻzA