O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bolalarning nutq talaffuzini to'g'ri shakllantirish uchun EHM dasturi yaratildi
2019-07-31 | Fan
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mutaxassislari tomonidan nutqida nuqsonlari bo'lgan yoki nutq funksiyalarini rivojlantirish va qayta tiklash zarur bo'lgan maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarni o'qitish uchun mo'ljallangan dastur yaratildi. Dastur harflar va predmetlar tasvirlari, rangli suratlar, shuningdek so'zlarning audio yozuvlari mavjud bo'lgan ma'lumotlar bazasini o'z ichiga oladi. Ushbu ma'lumotlar logopedlar tajribalariga asoslangan yoki adabiy manbalardan olingan.
Logopedning kompyuter bilan interfeysi operasion tizim tomonidan ta'minlanadi, elementlarni bazadan chaqirish kompyuter ekrani orqali amalga oshiriladi. Logopedning vazifasi - kompyuter ekraniga ma'lumotlar bazasidan elementlarni matn, tasvir shaklida chiqarish va tasvirlash, shuningdek tovush kolonkalari orqali tasvirlangan narsalarni ovozli eshittirishni o'z ichiga oladi.
O'rganuvchi ekrandagi elementlarga mos keluvchi predmetlarni, harflar va tovushlarni ifodalovchi so'zlarni mikrofonga aytadi, logoped aytilgan so'zlarni to'g'riligini baholaydi va o'qish jarayonida tegishli tuzatishlar kiritadi.
Intellektual mulk agentligi tomonidan dastur mualliflariga DGU 06303-raqamli guvohnoma berildi.