O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston va Belarus oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlamoqda

2019-07-31 | Jamiyat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifiga qizgʻin hozirlik koʻrilayotgan Minsk shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Belarus hududlararo forumi “Mintaqalar hamkorligi – davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishning muhim omili” mavzuidagi yalpi majlis bilan davom ettirildi. Unda asosiy eʼtibor mamlakatlarimiz oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, taʼlim kabi sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga qaratildi.

Parlamentlar va hukumatlar aʼzolari, yirik kompaniyalar, ishbilarmon doiralar, hududlar vakillari ishtirok etgan majlisda ushbu forum mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
 
Ikki davlat rahbarlarining kelishuvi bilan hududlararo anjumanlar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
 
Tadbirda Sirdaryo va Minsk viloyatlari hamkorligi misolida mamlakatlarimiz oʻrtasida qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” ijrosi xususida soʻz yuritildi.
 
Hududlararo forum maydonida qator tijorat shartnomalari va bitimlar imzolangani mintaqalar oʻrtasidagi muloqotning mazkur platformasi nechogʻli samarali ekanini yaqqol namoyish etdi.
 
Minsk shahrining markaziy xiyobonida ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy byusti ochildi.
 
Ushbu tadbir ikki xalq oʻrtasidagi madaniy hamkorlikning yangi tarixidagi ulkan voqea boʻldi. Zero, Hazrat Navoiy byusti Belarusda Sharq daholari hurmatiga bunyod etilgan ilk yodgorlikdir.
 
“Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
 
Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish.”
 
Asrlar osha ulugʻ bobokalonimiz qalamiga mansub ushbu satrlarning dolzarbligi yoʻqolmay, aksincha, jahon ahliga eng jarangdor daʼvat sifatida ahamiyati ortib bormoqda.
 
Sheʼriyat mulkining sultoni byusti ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimda shu hikmatli satrlar belarus tilida yangradi. Unda ikki mamlakat hukumatlari va parlamentlari aʼzolari, adabiyot, madaniyat namoyandalari, keng jamoatchilik, yoshlar qatnashdi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Navoiy falsafasi turli millatlar va elatlar madaniyati va tafakkurini rivojlantirishda beqiyos oʻrin tutishini, Prezidentimiz tashrifi arafasida oʻtayotgan ushbu marosim oʻzbek va belarus xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalari yangi bosqichga koʻtarilayotganini ifoda etishini qayd etdi.
 
Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Kengashi raisi oʻrinbosari Marianna Shchyotkina mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar madaniyat sohasida ham yuqori pogʻonaga koʻtarilayotganini taʼkidladi. Oʻtgan yili Toshkentda atoqli belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolas xotirasiga yodgorlik oʻrnatilgani, endilikda Minskda Hazrat Navoiy byusti qad rostlagani bu fikrning yorqin dalilidir.
 
– Ushbu yodgorlikning ochilishi porloq va tantanali hodisa. Zero, Navoiy nafaqat ulugʻ shoir va mutafakkir, balki buyuk maʼrifatparvar ham boʻlgan. Navoiy merosi butun insoniyat mulkiga aylangan, asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan. Uning chuqur falsafasi, asarlaridagi rang-barang obrazlar xalqlarni doʻstlik, insonparvarlik, olijanoblik kabi fazilatlar orqali birlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Marianna Shchyotkina.
 
Darhaqiqat, Alisher Navoiy asarlari jahonda tinchlik, doʻstlik va saxovatni targʻib qilayotgan bebaho meros sifatida barcha xalqlar tomonidan qadrlanadi. Aslida adabiyot vaqt, makon, chegara bilmaydi. Inson komillikka intilar ekan, Hazrat Navoiy asarlari har bir davrda, har qanday ijtimoiy qatlam vakili uchun aziz va dolzarb boʻlib qolaveradi.
 
Belaruslik haykaltarosh Maksim Makarevich tomonidan ishlangan byust buning yana bir tasdigʻi boʻldi.
 
Marosim oʻzbek va belarus xalqlarining qoʻshaloq bayramiga aylanib ketdi. Navoiy bobomiz yodgorligi poyi gullarga burkandi.
 
Belarus davlat filarmoniyasi konsert zalida Oʻzbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi boʻldi. Unda ikki mamlakat madaniyati va sanʼati namoyandalari, shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik, yoshlar qatnashdi.
 
Oʻzbek va belarus xalqlari jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Mamlakatlarimizni boshqa sohalar qatori xalqlarimizning betakror madaniyati va sanʼati ham bogʻlab turadi.
 
Samarqandda oʻtadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida belaruslik ijodkorlar muntazam qatnashib keladi. Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati vakillari ham Belarusda oʻtadigan “Slavyanskiy bazar” va boshqa nufuzli festivallarning faol ishtirokchisiga aylangan.
 
2018-yil aprel oyida Toshkentda Belarus madaniyati va kinosi kunlari oʻtkazilgan edi. Minskda ochilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni tarannum va taraqqiy ettirish yoʻlida qoʻyilgan navbatdagi qadamdir.
 
Marosimda ikki mamlakat madaniyat vazirliklari vakillari soʻzga chiqib, ushbu tadbir oʻzaro mushtarak madaniy aloqalarni mustahkamlashda, belarus xalqini oʻzbek milliy madaniyatining bebaho namunalaridan bahramand etishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
 
Sokin oqshom Minsk boʻylab oʻzbek milliy navolari yangradi. Diltortar qoʻshiq va raqslar barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Поделиться