O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MVSK a’zolari Iordaniyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada sovrindorlar qatoridan joy oldi
2019-07-30 | Sport
Iordaniya poytaxti Amman shahrida taekvondo WTF bo‘yicha «El-Xasan kubogi» xalqaro musobaqasi o‘tkazildi. Unda yurtimizning to‘rt nafar vakili qatnashdi va barchasi shohsupaga ko‘tarildi. Ulardan ikki nafari Mudofaa vazirligi sport klubi (MVSK) a’zosi bo‘ldi.
Yaqinda Iordaniya poytaxtida o‘smirlar o‘rtasida taekvondo WTF bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilgan, unda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi asosiy tarkib bilan qatnashib, yakunda 2 ta oltin, bitta kumush hamda 4 ta bronza, jami 7 ta medalь jamg‘argandi. Qo‘lga kiritilgan oltin medallardan biri 55 kilogrammgacha vazn toifasida dayanga chiqqan va barcha raqiblarini mag‘lub etgan MVSK a’zosi Ulug‘bek Rashidovga tegishli bo‘lgan va u yigitlar o‘rtasida «musobaqaning eng yaxshi sportchisi» deb ham topilgandi. Oradan bir necha kun o‘tib, aniqrog‘i 25-27 iyulь kunlari Iordaniya poytaxtida yana taekvondo (WTF) bo‘yicha musobaqa, bu safar dunyoning 45 mamlakatidan borgan 100 nafardan ortiq sportchilar ishtirokida «El-Xasan kubogi» xalqaro turniri o‘tkazildi. U ham sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli kechdi. O‘zbekiston sharafini to‘rt nafar taekvondochi, jumladan Mudofaa vazirligi sport klubi vakillari Nigora Tursunqulova (-67 kg) hamda Nikita Rafalovich (-80 kg) himoya qilishdi va sportchilarimizning barchasi sovrindor bo‘ldi.
MVSK a’zosi, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarining g‘olibi N. Rafalovich yaqinda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan ikkita xalqaro musobaqada qatnashgan va ularning birida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Nikita Iordaniyadagi «El-Xasan kubogi» xalqaro turnirida ham o‘z vazn toifasi bo‘yicha bahslar yakunida bronza medalь bilan taqdirlandi.
Erkaklar o‘rtasidagi +87 kg vazn toifasi bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan hamyurtimiz Shohrux Rajabov ham yarim finalgacha muvaffaqiyatli odimladi va finalga o‘tish bahsida yutqazib, bronza medal bilan kifoyalandi.
Xalqaro turnirning ayollar o‘rtasidagi bahslarida qatnashgan yurtdoshlarimiz erkaklarga nisbatan yuqoriroq natija ko‘rsatishdi. MVSK a’zosi, XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohibasi, o‘tgan yilgi Osiyo chempioni Nigora Tursunqulova (-67 kg) ham, yurtdoshimiz Svetlana Osipova (+73 kg) ham o‘z vazn toifasidagi bahslarda finalgacha muvaffaqiyatli odimladi. Faqat hal qiluvchi bahsda ulardan omad yuz o‘girdi va ikkisi ham kumush medalь sohibasiga aylandi. Shu tariqa terma jamoamiz a’zolari «El-Xasan kubogi» xalqaro turnirida qo‘lga kiritgan jami 4 ta medalning 2 tasi kumush, 2 tasi bronza medali bo‘ldi.
Ushbu musobaqa sportchilarimiz uchun Tokio Olimpiadasi yo‘lidagi qimmatli reyting ochkolarini o‘z hisoblariga qo‘shib qo‘yishgani bilan yanada muhim ahamiyat kasb etdi.