Prezidentimizning 2018-yil 1-noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2019-yil 10-15-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida I Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkaziladi. Hozirda mazkur sanʼat bayramini koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston “Hunarmand“ uyushmasi maʼlumotiga koʻra, festivalda 72 davlatdan 200 dan ziyod hunarmand qatnashadi. Shuningdek, mehmon sifatida xorijlik davlat arboblari, hunarmandchilik yoʻnalishidagi tashkilotlar rahbarlari, soha olimlari, jurnalistlar ishtirok etadi.
Festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish istiqbollari“ mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi.
Qoʻqon shahrida qurilayotgan mehmonxonalarning 3 tasi foydalanishga tayyor boʻldi. Beshta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Hozirda 30 uy mehmonxonasi tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Festivalda mamlakatimizning deyarli barcha tumanlaridan hunarmandlar ishtirok etadi. Ular 34 yoʻnalishda oʻz mahoratini namoyish etadi.
Festivalning xorijlik ishtirokchilari 9-10-sentyabr kunlari Toshkent shahrida kutib olinib, Qoʻqon shahriga kuzatiladi.
Fargʻona viloyati hokimligi va tegishli tashkilotlar masʼullari ishtirokida Toshkent, Namangan, Fargʻona viloyatlari aeroportlari va temir yoʻl vokzallarida doimiy navbatchilik tashkil qilingan. Viloyat hokimligi tomonidan mehmonlarni kutib olish, joylashtirish va kuzatish boʻyicha ishchi guruhlar shakllantirilgan. Bularning barchasi ilk xalqaro festivalni yuksak saviyada, koʻtarinki ruhda oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
N.USMONOVA, OʻzA