Joriy yil 22-avgustdan 27-avgustga qadar Oʻzbekistonda “Word Influensers Congress” – I xalqaro inflyuyenserlar kongressi boʻlib oʻtadi.
Turizm sohasidagi gʻoya va yetakchi usullarni muhokama qilish uchun yurtimizga butun dunyodan eng mashhur blogerlar, inflyuyenserlar va OAV vakillari tashrif buyuradi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va tashqi ishlar vazirliklari, Toshkent shahar, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyat hokimliklari tomonidan tashkil etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, tadbir dasturidan ishtirokchilar taqdimotlari, anjumanlar, biznes uchrashuvlar, shuningdek, Word Influensers Congress – 2019 taqdirlash marosimi oʻrin olgan. Shuningdek, kongress mehmonlari Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylari boʻylab sayohatda ishtirok etadi, bu ularga “Buyuk ipak yoʻli“da asrlar davomida shakllangan anʼanaviy mehmondoʻstlikka guvoh boʻlish imkonini beradi.
Kongressning asosiy maqsadlaridan biri butun dunyodagi gʻoyalar yetakchilarini birlashtiradigan inflyuyenserlarning global tarmogʻini yaratish va uni jahonning har bir burchagida muntazam ravishda oʻtkazishdan iboratdir.
Taʼkidlash joizki, hozirgi kunga qadar “Travel Magazin” jurnali asoschisi Sheron Lingviston, “Lionsgate” marketing va monetizatsiya boʻlimi rahbari Irina Sheyms, “NBC network entertaiment” vitse-prezidenti va moliyaviy direktori Jonatan Suker, “PBS” telekanali “BareFeet” dasturi boshlovchisi Mikela Malossi (AQSH), “Travel Channel” telekanali prodyuseri va operatori R.Rudvall va boshqalar tadbirda ishtirok etishini tasdiqladi.
Kongress davomida xorijlik ishtirokchilar uchun Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari boʻylab qiziqarli sayohatlar tashkil etiladi, mehmonlar mamlakatimizning turistik salohiyati haqida hujjatli filmlarni suratga oladi.
Inflyuyenserlar (ingliz tilidan influence – “taʼsir koʻrsatmoq“) fikrlari maʼlum bir auditoriya uchun ahamiyatga ega boʻlgan shaxslardir. Koʻpincha ular bu auditoriya bilan ijtimoiy tarmoqlar – Instagram, Fasebook yoki YouTube orqali muloqot qiladi. Inflyuyenserlar STT (sogʻlom turmush tarzi), pardoz, moda, sanʼat, adabiyot va boshqa koʻplab sohalarga oid soʻnggi tendensiyalar haqida maʼlumot beradi. Ular deyarli barcha sohalarga aloqador.
Inflyuyenserlar oʻzlariga quloq tutadigan va ishonadigan xolis auditoriyaga egadirlar. Ular faqat millionlab obunachi yoki yuz minglab muxlislarga ega oʻta mashhur blogerlargina emas, balki auditoriya bilan muloqot qiladigan, ularni taniydigan, qadrlaydigan va hurmat qiladigan insonlardir. Shuning uchun chop etayotgan kontentlariga alohida eʼtibor qaratadilar.
Roman BONDARCHUK, OʻzA