O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya TIVning Maxsus vakili bilan uchrashuv
2019-07-29 | Siyosat
2019-yilning 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Yaponiya TIVning Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Maxsus vakili Hideki Uyamani qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik deyarli barcha yo‘nalishlarda barqaror va o‘suvchan ahamiyat kasb etishi hamda o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslanishi qayd etildi. Davlatlararo aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan tomonlarning mavqelari mos kelishi va yondashuvlarining o‘xshashligi ta’kidlandi.
Iyul oyining birinchi yarmida Tokio shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishining, O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Yaponiya vazirlik va idoralari, yetakchi ishlab chiqarish va moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlarining muvaffaqiyatli yakunlari mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Uchrashuvda yilning ikkinchi yarmida bo‘ladigan oliy va yuqori darajalardagi uchrashuvlarning jadvali va kun tartibi bo‘yicha fikr almashildi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston va Yaponiya tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 17-raundi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Yaponiya TIVning Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Maxsus vakili Hideki Uyama boshchiligidagi delegatsiyalar ikki tomon kun tartibining keng ko‘lamli masalalari yuzasidan fikr almashdi, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamda BMT, boshqa global va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini ko‘rib chiqdi.