O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Brest oʻlkasi Buxoro va Sirdaryo viloyatlari bilan hamkorlik oʻrnatish niyatida
2019-07-29 | Jamiyat
Minsk shahrida oʻtadigan Oʻzbekiston – Belarus I hududlararo forumi doirasida Brest viloyati vakillari Buxoro va Sirdaryo viloyatlari mutasaddilari bilan hamkorlikka doir bitim imzolashga erishish niyatida.
Bu haqda Brest viloyati hokimligi Iqtisodiy ishlar qoʻmitasining tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyaviy faoliyat boshqarmasi mutasaddilari maʼlum qildi, deyiladi “BelTA“ axborot agentligi xabarida.
Qayd etilishicha, viloyatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikka oid bitim 30-iyul kuni imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, muzokaralar chogʻida Brest viloyatining “Brestmyasomolprom“, Belarus Savdo-sanoat palatasi, Brest ilmiy-texnikaviy parki vakillari ham oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishishni rejalashtirgan.
Maʼlumot oʻrnida, 2018-yilda Brest viloyatining mamlakatimiz hududlari bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi 2017-yilga nisbatan 175 foizga ortgan. Joriy yilning yanvar – may oylari davomida oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 14,5 million AQSH dollarini tashkil qilgan.