O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sog‘liqni saqlash vazirligi: virusli gepatit V va S ning oldini olish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan maxsus loyiha ishlab chiqildi

2019-07-29 | Sog‘liqni saqlash

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamkorligida mamlakatimizda gepatit kasalligi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli davlat, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokorlar, mutaxassislar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilishicha, bugungi kunda dunyo miqyosida virusli gepatitning V va S turi bilan kasallanish ko‘paymoqda. Ma’lumki, gepatit V o‘z vaqtida aniqlanib davolanmasa, jigar sirrozi va gepatotsellyulyar kartsinoma, ya’ni jigar saratoni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Virusli gepatitning S turi bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha samarali dori vositalari amaliyotga kirib kelgan bo‘lsa-da, bu usulda davolanish xarajatlari yuqoriligi sababli dunyodagi barcha mamlakatlar aholisi ham bu imkoniyatdan foydala olishi amrimahol. Qolaversa, noyob va zamonaviy tibbiy amaliyotlardan biri - jigar transplantatsiyasi o‘tkazilishi imkoniyati ham cheklangan. Shunday sharoitda eng samarali va maqbul yo‘l gepatitlarning oldini olish, bu yo‘nalishda tibbiy-profilaktika ishlarini rivojlantirish, aholining barcha qatlamini tizimli tibbiy-sanitariya yordami bilan qamrab olishdir. 

Mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi muhim vazifalarni amalga oshirish tibbiyotning ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Milliy emlash taqvimiga muvofiq, bolalar gepatit V ga qarshi tizimli emlanmoqda. Gepatit S bilan kasallangan bemorlar zamonaviy tibbiy dori-darmonlar vositasida davolanayapti.

Shu bilan birga, turizm va xalqaro aloqalar tobora rivojlanayotgan davrda bu boradagi tibbiy-ijtimoiy tadbirlarni yanada takomillashtirish, ogohlik va hushyorlikni oshirish, virusli kasalliklar yurtimizga chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda tibbiy-profilaktika xizmatini rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifasidir.

Ushbu masalalar va shunga doir boshqa muammolarni O‘zbekiston hududida bartaraf etish, aholining sog‘lig‘ini asrash, gepatit kasalliklarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti, AQShning Centerfor Disease Analysis Foundation (CDAF) fondi hamkorligida virusli gepatit V va S ning oldini olish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan maxsus loyiha ishlab chiqildi.

Matbuot anjumanida mazkur loyiha doirasida poytaxtimizdagi tibbiyot muassasalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi. Mazkur loyiha bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Dastavval loyiha ishchi guruhi tuziladi, so‘ngra, loyihada ishtirok etadigan oilaviy poliklinikalar tanlab olinadi. Virusologiya ilmiy tekshirish instituti olimlari va malakali mutaxassislarni jalb etgan holda tibbiy-maslahat markazi tashkil etiladi va tadbir ishtirokchilari uchun seminar-treninglar o‘tkaziladi.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, gepatit V va S bilan kasalllangan bemorlarni kasallikning ilk bosqichlarida aniqlash maqsadida skrining ishlarini samarali tashkil etish uchun O‘zbekiston tibbiyotiga 1.02 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan.

Tadbirda O‘zbekistonda gepatologiya xizmatining bugungi holati, bu yo‘nalishda olib borilayotgan tibbiy-profilaktika va davolash ishlari natijalari, davlat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqilgan yangi loyihadan kutilayotgan natijalar xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Jurnalistlarni qizirtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

Поделиться