Joriy yilning 24-25-avgust kunlari Termiz shahrida oʻtkaziladigan “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi” mavzuidagi xalqaro arxeologiya forumiga puxta hozirlik koʻrilmoqda.
Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida shu yilning 22-27-avgust kunlari boʻlib oʻtadigan “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” Meros haftaligi doirasida tashkil etilayotgan mazkur tadbirda dunyoning koʻplab davlatlaridan taniqli arxeolog olimlar, ilmiy izlanuvchilar va soha mutaxassislari ishtirok etadi.
Surxondaryo viloyat madaniyat boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, nufuzli forumning asosiy anjumanlari oʻtkaziladigan muhtasham “Sanʼat saroyi” va mintaqamizda yagona –Termiz arxeologiya muzeylarini tayyorlash, zamonaviy usulda texnik jihozlash ishlari olib borilmoqda. Rang-barang konsert dasturlari, teatrlashgan chiqishlar tayyorlanayotir.
Surxondaryo viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi mehmonlar uchun munosib sharoit yaratish va boʻsh vaqtlarida mazmunli sayohatlar tashkil etish choralarini koʻrmoqda. Forum ishtirokchilarini joylashtirish dislokatsiyasini ishlab chiqib, mehmonxonalarda zarur qulayliklar yaratilmoqda. Milliy anʼana va qadriyatlarimiz oʻz ifodasini topgan noyob hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilayotir.
– Xalqaro forum ishtirokchilarini joylashtirish uchun Termiz shahri va termiz tumanidagi eng zamonaviy “Meridian”, “Karvonsaroy”, “Surxon”, “Asson” kabi mehmonxonalar tanlanib, ulardagi sharoitlar xatlovdan oʻtkazildi, – deydi Surxondaryo viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshligʻi A.Xoʻjaqulov. – Oʻttizdan ortiq oʻqituvchi va talabalardan iborat tarjimonlar guruhi shakllantirildi. Ularga vohaning turistik imkoniyatlarini keng targʻib qilish uchun oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi sayyohlik xaritasi hamda “Surxondaryo” nomli jurnal tayyorlandi. Shuningdek, yigirmadan ortiq ziyorat, buddizm, tarixiy-meʼmoriy, tibbiyot, ekologik va madaniy-koʻngilochar turistik obyektlar boʻyicha maxsus bukletlar hozirlab qoʻyildi. Mehmonlarning boʻsh vaqtini mazmunli va maroqli oʻtkazishi uchun viloyatning diqqatga sazovor joylariyu, tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida sayyohlik marshruti ishlab chiqildi.
Forum ishtirokchilari Muzrabot tumanidagi qadimiy Kampirtepa shaharchasida boʻlib, bu yerdagi noyob arxeologik izlanishlar natijalari bilan ham tanishadi.
Kampirtepa miloddan avvalgi 4-1 asrlarga oid Amudaryo sohilidagi port shahar xarobalaridir. Mamlakatimiz arxeologlari bu yerda tarixchi va geograf Ptolomey oʻz asarlarida tilga olgan afsonaviy Oks Aleksandriyasini aniqladi.
Oʻtgan asrning 70 yillaridan boshlab Kampirtepa xarobalarida Tohariston arxeologik ekspeditsiyasi tarkibida bir guruh arxeologlar tadqiqot ishlarini olib borib, koʻplab topilma va maʼlumotlarni qoʻlga kiritgan. Bu yerda Oks (Amudaryo)ning oʻng qirgʻogʻida barpo etilgan eng qadimgi yunon-makedon istehkomini topgan. Salavkiylar va Yunon-Baqtriya tangalari, keramika va Kampirtepada ellinistik davrining quyi madaniy qatlamlari mavjudligini namoyon etadigan qator noyob obyektlar aniqlangan. Miloddan avvalgi III asrga mansub sopol buyumlar ustaxonasi, ilk ellinistik davridagi ayvonli uy va arxeologlar “blindaj”, deb nomlagan katta inshootga duch kelishgan.
Arxeolog olimlarning taʼkidlashicha, qadimiy yirik majmua tarkibida turar-joylar, markaziy bastion, xazinalar saqlanadigan gʻazna, ibodatxona oʻrin olgan. Kushon davri tangalari bir paytlar Kampirtepa shaharchasi bu davlatning muhim moliyaviy markazlaridan biri boʻlganiga dalolatdir. Qalʼa tashqarisidagi daryo sohilida kemalar toʻxtaydigan va joʻnab ketadigan bandargoh, uzoqdagi kemalar uchun moʻljal vazifasini oʻtaydigan baland inshoot – mayoq qoldiqlari ham topilgan.
Xullas, oʻtmishimizni dunyoga keng tarannum etadigan “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” Meros haftaligi ishtirokchilari qadimiy va hamisha navqiron Surxon vohasida koʻplab qiziqarli manbalar bilan yaqindan tanishib, bu goʻshaning qadimdan dunyo tamadduni beshiklaridan biri ekaniga guvoh boʻladi.
Tadbir kunlari tashkil etiladigan milliy anʼana va qadriyatlarimiz oʻz ifodasini topgan noyob hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasi ham xalqaro forum mehmonlari va qatnashchilarining hayratini oshirishga, yurtimizning qadimiy boy merosi bilan yanada yaqinroq tanishishga xizmat qiladi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV