O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Margʻilonda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali boshlandi
2019-07-12 | Madaniyat
11-iyul kuni Margʻilonda Erkin Vohidov nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev, xorijiy davlatlardan kelgan mehmonlar, sanʼatkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Marosimni Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov tabrik soʻzi bilan ochib berdi va mamlakatimizda nomoddiy madaniy meros, jumladan, folklor sanʼatini asrash va rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Davlatimiz rahbari muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan “Buyuk ipak yoʻli” folklor musiqa festivaliga ham xalqaro maqom berilgani katta ahamiyatga ega. Turli millat vakillarini maʼnaviy muloqotga jalb etish va xalqlararo darajadagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash festival maqsadlaridan hisoblanadi”, - dedi Abduhakimov.
Festival doirasida ilmiy-ijodiy konferensiya, seminarlar, davra suhbatlari, sayillar, konsertlar, koʻrgazmalar uyushtiriladi, turli havaskor folklor jamoalari, ashula, musiqa va raqs ansambllari, yakkaxon ijrochilar chiqishlari namoyish etilmoqda.
Oʻzbekistonda birinchi marta tashkil etilayotgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali ochilish tadbiri turli hududlardan yigʻilgan folklor jamoalari joʻrligida, mushakbozlik sahnasi bilan yakunlandi. Ta’kidlash joizki, “Buyuk ipak yoʻli” folklor festivalni oʻtkazishdan asosiy maqsad folklor musiqa sanʼatini keng targʻib etish, musiqiy merosni asrash, oʻrganish, oʻzlashtirish, rivojlantirish va folklor sanʼatining mohir ijrochilarini ragʻbatlantirishdan iborat.