O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YXHT DIIHBning Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari bilan uchrashuv
2019-07-10 | Siyosat
2019-yil 9-iyul kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Saylov bo‘yicha departamenti rahbari Aleksandr Shlik rahbarligidagi YXHT DIIHBning Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ekspertlari delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bo‘lajak parlament sayloviga muhim siyosiy voqea sifatida qaralayotgani qayd etildi, chunki saylov O‘zbekiston Respublikasining qabul qilingan Saylov kodeksiga muvofiq yangicha sharoitda bo‘lib o‘tadi. E’tiborli jihati shundaki, Kodeks loyihasini muhokama qilishda YXHT DIIHB ekspertlari ham ishtirok etgan.
Tomonlar milliy saylov qonunchiligi saylov amaliyotidan kelib chiqib va xorijiy ekspertlar tavsiyalarini, shu jumladan YXHT DIIHB tavsiyalarini hisobga olgan holda izchil takomillashib borayotganligini ta’kidladilar.
EBM a’zolari saylov jarayoni demokratik printsiplar va standartlarga muvofiq o‘tishi uchun O‘zbekistonda saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalariga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadilar.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar hamkorlik va o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, YXHT DIIHB EBM ekspertlari siyosiy partiyalar, bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek fuqarolik institutlari vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadilar.