O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻz hududingiz logotipini tanlashda ishtirok eting, onlayn ovoz bering!
2019-07-08 | Turizm
Oʻz hududingiz logotipini tanlashda ishtirok etishni xohlaysizmi? Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston hududlari logotiplari tanloviga yoʻllangan loyihalar orasidan eng saralari tanlab olinganini maʼlum qiladi. Gʻoliblarni esa Siz uzbektourism.uzʻda oʻzingizga maʼqul kelgan logotip namunasiga onlayn ovoz berish yoʻli orqali aniqlaysiz.
Prezidentning 2019-yil 5-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5611-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “2019-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi”ni amalga oshirish boʻyicha “2019-yilgi chora-tadbirlar rejasi”ga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining turistik brendlarini ishlab chiqishga doir tanlov eʼlon qilgan edi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tegishli hududlar logotiplarining asosiy elementlari boʻyicha mezonlar taqdim etildi. Ushbu mezonlar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon, Xorazm, Fargʻona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining turistik brendlarini yaratish boʻyicha tanlov eʼlon qilindi.
Hududlarning turistik logotiplari tanlovida ijodkorlar, dizaynerlar, blogerlar, olimlar, tarixchilar, talabalar va fuqaroligidan qatʼi nazar turizmga qiziqishi boʻlgan boshqa kishilar ishtirok etishdi. Taʼkidlash joizki, bugunga kelib turizm sohasining nufuzli vakillaridan iborat Komissiya aʼzolari tanlovga yoʻllangan 700 ga yaqin logotipdan 84 tasini (yaʼni har bir hudud boʻyicha 6 tadan) saralab olishdi. Diqqat! Quyida joylangan so’rovnoma boʻyicha oʻzingizga yoqqan logotipga ovoz berishingiz mumkin.
Agar sizga taqdim etilgan logotiplardan birortasi maʼqul kelmasa va siz ularni muayyan hudud logotipi boʻlishga noloyiq deb topsangiz, u holda yettinchi variantga ovoz berish imkoniga egasiz. Yettinchi variantga ovoz berganlar jami 20 foizni tashkil qilgan taqdirda, yakunga koʻra takroriy tanlov oʻtkaziladi. Tanlovning eng yaxshi logotip loyihasi uchun har bir hudud boʻyicha gʻolib 25 million soʻm miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlanadi.