Osiyo-Tinch okeani mintaqasi boʻyicha prezidenti Gada Kaddumi Qoʻqon shahriga tashrif buyurdi
Jahon hunarmandlik kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi boʻyicha prezidenti Gada Kaddumi boshchiligidagi oʻrganish hayʼati ayni kunlarda xalqaro hunarmandlik festivaliga mezbonlik qilayotgan Qoʻqon shahriga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati va hunarmandlikning eng qadim anʼana va maktablari saqlanib qolgan mamlakat sifatida ham jahonga tanilgan. Yurtimizning deyarli barcha hududida oʻziga xos hunarmandlik maktablari shakllanib, avloddan-avlodga oʻtib kelayotir. Bugungi islohotlar soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Har bir hunarmandlik mahsuloti oʻziga xosligi bilan ajralib turadi.
Qoʻqonda 30 dan ortiq yoʻnalishda hunarmandlik anʼanalari davom ettirilmoqda. Oʻtmishda xonlik markazi boʻlgan bu shaharga turli oʻlkalardan mohir ustalar jamlangan va bu yerda hunarmandlikning noyob turlari taraqqiy etgan. Jumladan, yogʻoch oʻymakorligi, zargarlik, qandakorlik, milliy mato toʻqish, kulollik sanʼat asari darajasiga koʻtarilgan.
Ayni kunlarda Qoʻqonda xalqaro hunarmandlik festivaliga tayyorgarlik ishlari qizgʻin davom etmoqda. Oʻrda xiyoboni va boshqa hududlarda bunyodkorlik, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Oʻndan ortiq mehmonxona, hunarmandlar uchun savdo majmuasi kabi yangi inshootlar bunyod etilayotir.
Mazkur kengash bilan hamkorlikda Qoʻqonga jahon hunarmandlar shahri maqomini berish borasida saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Tashrif asnosida oʻrganish hayʼati aʼzolari hunarmandlar bilan muloqotda boʻlib, ularning faoliyati bilan bevosita tanishdi. Milliy hunarmandlik mahsulotlari koʻrgazmasi, hunarmandlik maktablari va markazlari mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Dongʻi ketgan usta Hasanjon Umarov otameros pichoqchilik bilan shugʻullanadi. Bu – sermashaqqat, murakkab hunar boʻlib, katta kuch, koʻp mehnat, zehn, iroda, sabr-toqat, izlanuvchanlikni talab qiladi.
– Bu hunarni egallash uchun unga chinakam mehr qoʻyish kerak, – deydi H.Umarov. – Bir parcha temirni buyum holiga keltirish koʻp mehnat talab qiladi. Koʻz nuri, kuch sarflanadi. Bunga hamma ham bardosh bera olmaydi. Qoʻqonda xalqaro hunarmandlik festivali oʻtkazish gʻoyasi, unga hunarmandlar shahri maqomini berish yoʻlidagi saʼy-harakatlar bizni gʻururlantiradi, albatta.
Nufuzli hayʼat aʼzolari xalq amaliy sanʼati anʼanalarini saqlab, rivojlantirib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz faoliyati, hunarni yosh avlodga oʻrgatish borasidagi ishlari bilan tanishib, Qoʻqonga jahon hunarmandlar shahri maqomini berish yuzasidan xulosalar beradi.
M.SULAYMONOV