Jizzax viloyati Zomin tumanidagi soʻlim Oʻriklisoy oromgohida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining anʼanaviy seminarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Yosh ijodkorlarning Zomin seminari isteʼdodli yoshlarni kashf etish va yuzaga chiqarishda ulkan maktab vazifasini oʻtab kelayotir. Bu maktabning boshlanishida saboq olgan yoshlar orasidan yetishib chiqqan koʻplab isteʼdodli shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslar bugun adabiyotimiz ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshishmoqda.
Bugungi yosh ijodkorlarning katta yigʻiniga ishtirokchilarni tanlash ham yoshlar tarbiyasiga berilayotgan katta eʼtibordan kelib chiqib, jiddiy saralash orqali amalga oshirildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan joriy yilning aprel, may, iyun oylarida viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi yosh ijodkorlar seminarining hududiy bosqichlari boʻlib oʻtdi. Ushbu seminarlarda oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etgan yosh qalamkashlarning 100 nafardan ortiq eng isteʼdodlisi Zomin seminariga yetib keldi.
Vatanimizning eng soʻlim, ilhombaxsh goʻshasi boʻlgan Oʻriklisoyda yosh ijodkorlar va ular bilan yuzma yuz uchrashib, saboq berishga kelgan ustoz ijodkorlarni viloyat va tuman jamoatchiligi, adabiyot ixlosmandlari ishtirokida seminarning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Raisi Sirojiddin Sayyid, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev va boshqalar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor berilayotganini taʼkidladi.
Yosh iqtidorlarga taʼlim beradigan ixtisoslashgan Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktablari tashkil etildi. Bugungi seminarda shu ijod maktablarining oʻquvchilari ham ishtirok etishmoqda.
– Zomin seminari adabiyotimiz tarixida qoladigan anjuman, – deydi Qoraqalpogʻiston yozuvchilar uyushmasi raisi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kenesboy Karimov, – Ushbu anjuman davlatimiz rahbari tomonidan adabiyot va ijod ahliga, yosh isteʼdodlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, kitob va kitobxonlikka eʼtiborning amaldagi ifodasidir. Ajabmas, hozir oʻtirgan yoshlar orasidan adabiyotimizni dunyoga tanitadigan buyuk ijodkorlar yetishib chaqsa. Bu seminar ana shu ezgu niyatni koʻzlab oʻtkazilayotir.
Uch kun davom etadigan seminar doirasida respublikamizning taniqli shoirlari ishtirokida davra suhbatlari, mushoiralar, adabiy janrlar boʻyicha shoʻbalarda mashgʻulotlar, mahorat darslari, tabiat qoʻyniga sayohatlar va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.
T. BEKNAZAROV, J. YOROBEKOV (surat)