O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Google Arts & Culture Oʻzbekiston muzeylariga 3D-turlarni ishlab chiqmoqchi
2019-07-02 | Madaniyat
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va Sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Google Arts & Culture oʻrtasida Oʻzbekiston muzey kolleksiyalari onlayn katalogini joylashtirish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Maʼlumot uchun, Google Arts & Culture – bu dunyoning 70 ta mamlakatidan 1200 ta muzey, galereyalar va boshqa tashkilotlar eksponatlarining onlayn-toʻplamidir.
Ushbu servis xizmati dunyo koʻrgazmalariga tashrif buyurish va sanʼat namunalarini sinchiklab oʻrganish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, bu yerda dunyo madaniyati va sanʼati tarixi, shu boʻyicha maqolalar, fotosuratlar, videoroliklar va qoʻlyozmalar taqdim etiladi, shaharlar, meʼmoriy yodgorliklar, tabiat moʻjizalari tomon ekskursiyalar tashkil qilinadi.
Shu kunlarda platformada raqamli kolleksiya va ikkita onlayn koʻrgazma ishga tushirilgan.
Jamgʻarma esa Google Arts & Cultureʼning Oʻzbekistondagi ilk sherigiga aylandi.
“Oʻzbekiston muzeylari kolleksiyalarining Google Arts & Cultureʼda mavjud boʻlishi dunyo onlayn platformasida madaniyatlar koʻp qirraliligi chegaralarini kengaytirish imkonini beradi. Endi jahonning istalgan burchagidagi foydalanuvchilar taqdim etilgan eksponatlarni tomosha qila olishadi”, - deyiladi jamgʻarma xabarida.
Keyingi bosqichda Google Arts&Culture Oʻzbekiston muzeylariga 3D-turlarni ishlab chiqishni rejalashtiryapti.