O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Cotton Campaign” koalitsiyasi “Oʻzbekiston uchun islohotlar yoʻl xaritasi”ni chop etdi. Buning ahamiyati nimada?
2019-07-02 | Iqtisodiyot
Yaqinda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan “Oʻzbekiston uchun islohotlar yoʻl xaritasi” chop etildi. Unda “tizimli majburiy mehnatni tugatish, tuzilmaviy islohotlar oʻtkazish, fuqarolik jamiyati huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish”dek uchta asosiy maqsadga erishishga qaratilgan qator tavsiyalar taklif qilgan.
Mazkur hujjat munosabati bilan berilgan press-relizda koalitsiya Oʻzbekistonda majburiy mehnatni tugatish boʻyicha ulkan oʻsishga erishganini tan olar ekan, binobarin yuqorida koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar yoʻlida sezilarli natijalar qoʻlga kiritilganini eʼtirof etgan.
Xususan, “Cotton Campaign” koalitsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil sentyabr oyida bayon etilgan islohotlarga tarixiy sodiqlikni yuksak baholamoqda. Xususan, 2017 va 2018-yillarda davlat buyrugʻi bilan yoshi kattalarni ommaviy mehnatga jalb etishni toʻxtatish, shuningdek, paxta yigʻim-terimida tizimli bolalar mehnatini yoʻq qilish borasida katta oʻsishga erishilgani bildirilgan.
Koalitsiya hammuassisi Patrishii Jurevichning soʻzlariga koʻra, koʻrsatib oʻtilgan “Yoʻl xaritasi” Oʻzbekiston hukumati bilan kelgusidagi oʻzaro aloqalar uchun poydevordir. Zero, u Oʻzbekiston paxtasi, undan foydalanib tayyorlangan mahsulotlar, qolaversa, oʻzbek toʻqimachilik brendlariga nisbatan boykot masalasini hal qilish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, shu yil fevral oyida Oʻzbekiston delegatsiyasi “Cotton Campaign” koalitsiyasining har yillik yigʻilishida ilk bor qatnashgandi. Mazkur ishtirok huquqni himoya qilish tuzilmasi tomonidan Oʻzbekiston hukumatining huquqni himoya qilish sohasidagi eng nozik masalalar boʻyicha ham ochiq muloqot hamda konsruktiv oʻzaro aloqalarga tayyor ekanligining tasdigʻi sifatida baholangan edi. Muloqot chogʻida Oʻzbekiston paxtasi va toʻqimachilik mahsulotlariga nisbatan cheklovlarni bekor qilishga yoʻnaltirilgan oʻzaro hamkorlik boʻyicha qoʻshma rejani ishlab chiqishga kelishib olingandi.
Binobarin, Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ham AQSHning qator idoralari tegishli maʼruzalarida mamlakatimiz majburiy mehnatga qarshi kurashishda oʻsishga erishganini eʼtirof etayotganini bir necha bor maʼlum qildi. Xususan, AQSH Mehnat departamenti 2019-yil 25-mart kuni Oʻzbekiston paxtasini majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar “qora roʻyxati”dan chiqardi. Qolaversa, AQSH Davlat departamentining majburiy mehnat masalalari boʻyicha 2018-yil iyun oyida eʼlon qilingan hujjati, odam savdosi boʻyicha maʼruzasida Oʻzbekiston ilk bor eng yomon uchta toifadan chiqarildi.
Koʻrsatib oʻtilgan maʼruzalarda yoshi kattalar majburiy mehnatidan foydalanishni bartaraf etish va har yilgi paxta terimida tizimli bolalar mehnatini toʻliq yoʻq qilish, koʻngilli mehnat va fermerlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sektorini isloh etish, byudjet tashkilotlari ishchilarini majburiy mehnatga jalb etmaslik, mustaqil xalqaro kuzatuvchilarning toʻliq toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlash boʻyicha jiddiy chora-tadbirlar qabul qilinganiga urgʻu berilgan.
Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotiga koʻra ham, Oʻzbekiston hukumati 2018-yilda tizimli bolalar va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymagan. Chunonchi, oʻtgan yilda paxta yigʻim-terimida ishtirok etganlarning 93 foizi buni majburan qilmagan, talabalar, oʻqituvchilar, shifokorlar va hamshiralarni yigʻish toʻxtatilgan. Monitoring chogʻida aniqlangan faktlar esa “tizimli yoki tizimli xarakter” kasb etmagani tasdiqlangan.
Demak, mamlakatimiz oʻzining xalqaro majburiyatlariga sodiqdir. Buni Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarini amalga oshirish boʻyicha Respublika idoralararo komissiya tuzilgani, ularni implementatsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlanib, amalga oshirilayotgani ham tasdiqlaydi.
Zero, Oʻzbekiston joriy yil mart oyida Xalqaro mehnat tashkilotining Xalqaro mehnat normalari qoʻllanilishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1976-yil 21-iyun), iyun oyida esa Xalqaro mehnat tashkilotining 1930-yildagi Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnoma (Jeneva, 2014-yil 11-iyun) ratifikatsiya qildi. Bularning barchasi majburiy yoki bajarilishi shart boʻlgan mehnat xatarlarini bartaraf etish, bu boradagi xavfni oshiruvchi omillarni aniqlash, ish beruvchilarni majburiy yoki bajarilishi shart boʻlgan mehnatda ishtirok etishlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha oʻqitish va xabardor qilishga yoʻnaltirilgan.
Muxtasar aytganda, “Cotton Campaign” koalitsiyasi 2019-yilgi paxta yigʻimi mavsumida respublikada bu borada ulkan muvaffaqiyatlarga erishilishiga ishonch bildiryapti. Koalitsiyaning fikricha, davlat sektori yoki xususiy korxonalar, agentlik yoki tashkilotlar ishchilarini paxta terishga safarbar etmaslik; majburiy mehnat holatlarini tekshirish va shu kabi qarorlarga aloqasi boʻlgan barcha mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish, paxta yetkazib berish hajmlarini bajarmagani uchun fermerlardan jarima undirishni bekor qilish va yollash amaliyoti shaffofligini taʼminlash ana shu yutuqning asosiy koʻrsatkichlariga aylanadi.