O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Ozarboyjon turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi
2019-07-02 | Turizm
YUNESKO Butunjahon merosi qoʻmitasining 43-sessiyasida ishtirok etayotgan Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Baku shahrida Ozarboyjon turizm davlat agentligi raisi F.Nagiyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi turistik oqim koʻrsatkichlari oshayotganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Shu bilan birga, bu yoʻnalishda amalga oshirilmagan ulkan salohiyat haqida soʻz yuritildi. Uchrashuv yakunlariga koʻra, quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni mustahkamlashga kelishildi:
- delegatsiyalarning oʻzaro almashinuvini faollashtirish, shu jumladan xalqaro darajadagi tadbirlarda ishtirok etish doirasida ham;
- ikki mamlakatning yetakchi telekanallarida efir vaqtini almashish yoʻli bilan Oʻzbekiston va Ozarboyjonning turistik salohiyatini oʻzaro targʻib qilishda hamkorlik qilish, shuningdek, Baku va Toshkent shaharlarida bepul asosda reklama bilbordlarini oʻrnatish;
- hamkorlikda aralash turlarni tashkil qilish, kadrlar tayyorlash, tajriba almashish; - mamlakatlar oʻrtasidagi turistik oqimni oshirish maqsadida “turizm elchisi” instituti imkoniyatlaridan foydalanish;
- “Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universitetlari tarmogʻini yaratish masalasini koʻrib chiqish.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha “Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universiteti hamda Ozarboyjon turizm va menejment universiteti oʻrtasida taʼlim va ilm-fan sohasiga doir Anglashuv memorandumi imzolandi.