O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imom Al-Buxoriy qabrini birinchi boʻlib ziyorat qilgan xorijiy sayyoh kim ekanini bilasizmi?
2019-07-02 | Turizm
Indoneziyaning sobiq prezidenti janob Sukarno Samarqand yaqinida joylashgan Imom Al-Buxoriy qabrini birinchi boʻlib ziyorat qilgan xorijiy davlat arbobi hisoblanadi. 27-30-iyun kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida tashkil etilgan “Trisakti Tourism Award” koʻrgazmasi hamda “Indonesia Halal Expo-2019” mahsulot va xizmatlar yarmarkasida shu haqida alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tadbir doirasida oʻtkazilgan konferensiyada Indoneziyaning turizm vaziri, Hunarmandchilik va kreativ sanoat vaziri, yetakchi turistik tashkilotlar hamda aviakompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Unda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot tashkil etildi.
Taqdimot davomida Sukarno janoblari Indoneziya prezidenti sifatida 1956-yilda Sobiq Ittifoqqa qilgan rasmiy tashrifi davomida Samarqand shahriga sayohat tashkil etilgani va bu sayohat davomida Hartang qishlogʻidagi Imom Al-Buxoriy qabrini ziyorat qilishni soʻragani yodga olindi. Janob Sukarno Oʻzbekistonga tashrif buyurgan ilk ziyoratchi-sayyoh deya eʼtirof etildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Ziyorat turizmi shoʻbasi bosh mutaxassisi Saidkomil Xolxoʻjayevning soʻzlariga koʻra, prezident Sukarno yurtimizga safari soʻngida oʻzbek xalqini “Jauh di mata, dekat di hati”, yaʼni “Koʻzga uzoq, qalbga yaqin” maʼnosidagi indonez maqoli orqali taʼriflagan, bugungi kunda esa, ikki mamlakat oʻrtasidagi vizasiz tizim hamda Toshkent-Jakarta yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovning yoʻlga qoʻyilishi orqali munosabatlar yanada mustahkamlanganini taʼkidlagan.
“Bugungi kunda indoneziyaliklar, albatta, Indoneziya davlatchiligining asoschisi boʻlgan janob Sukarno izidan borib, u boshlab bergan sayohat yoʻnalishi orqali Oʻzbekistonni qaytadan kashf qilishga ishtiyoqmanddir”, - dedi konferensiya davomida Inonesia Halal Lifestyle Center tashkiloti raisi janob Sapta Nirvandar.