O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harbiy o‘quv fakulteti kursantlari qasamyod qabul qildi
2019-07-01 | Jamiyat
Kecha, 30-iyun kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Harbiy o‘quv fakulteti (Harbiy kafedra) kursantlarining Harbiy qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda universitet rektori Sadriddin Turobjonov, Mudofaa vazirligi kadrlar tayyorlash bosh boshqarmasi mas’ul ofitserlari kursantlarni Qurolli Kuchlar safiga kirishlari munosabati bilan qutladi.
Shuningdek, tadbirda Mudofaa vazirligi harbiy orkestri ham ishtirok etib, o‘zining chiqishlari bilan yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
Har yili Toshkent davlat texnika universitetining Harbiy o‘quv fakulteti 3-kurs kursantlari Qurolli Kuchlar safiga kirish oldidan o‘z xizmat burchlarini sadoqat bilan ado etish to‘g‘risida qasamyod qilishadi. Bu yilgi marosim har galgidan ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Tadbirga tashrif buyurgan ota-onalarning ham quvonchlari bisyor.
“Qalbim faxrga to‘lib, g‘ururlanib turibman. Saf tortib turgan norg‘ul yigitlar orasida mening ham farzandim borligi ko‘ksimni iftixorga to‘ldirmoqda. Qarang, harbiy libos farzandlarimizga yanada ko‘rk, salobat baxsh etibdi. Harbiy qasamyod qabul qilgan o‘g‘limning ahdiga sodiq qolishiga, Vatan olidagi burchini namunali o‘tab, yuzimizni yorug‘ qilishiga ishonaman”, — deydi kursant onasi Zamira Ro‘ziyeva.