O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

YUNESKO Butunjahon merosi qoʻmitasi 43-sessiyasida Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda

2019-07-01 | Turizm

Baku shahrida YUNESKO Butunjahon merosi qoʻmitasi 43-sessiyasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Ozarboyjonning birinchi vitse-prezidenti, YUNESKO koʻngilli elchisi Mehribon Aliyeva ishtirok etdi.

Shuningdek, YUNESKO bosh direktori Odre Azule, Tashkilotning Ijro kengashi raisi Li Ben Xyon va Ozarboyjon Respublikasi madaniyat vaziri Abulfas Garayevlar ham soʻzga chiqishdi. Butunjahon merosi qoʻmitasi 43-sessiyasida Oʻzbekistondan YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya raisi, bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Taʼkidlash joizki, Butunjahon merosi qoʻmitasining 43-sessiyasida dunyoning 180 dan ortiq mamlakatidan 2500 dan ziyod kishi - vazirlar, YUNESKO elchilari, tegishli tashkilotlarning bosh direktorlari, xalqaro tuzilmalarning Ozarboyjondagi elchilari va mamlakat hukumati aʼzolari qatnashmoqda.

Qoʻmitaning Bakudagi sessiyasida YUNESKO roʻyxatiga kiritish uchun 42 arizadan 36 taqdimot koʻrib chiqiladi. Bulardan 6 taklif - tabiiy merosga, 28 tasi - madaniy merosga va 2 tasi aralash (tabiiy va madaniy) merosga taalluqli.

Ikki kunlik sessiya doirasida Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari YUNESKO bosh direktori Odre Ozule, Ozarboyjon bosh vazir oʻrinbosari D.Ahmedov, madaniyat vaziri A.Garayev, taʼlim vaziri D.Bayramov, Turizmni rivojlantirish davlat agentligi raisi F.Nagiyev, YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori M.Ryossler hamda Butunjahon merosi qoʻmitasiga aʼzo 21 mamlakat delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasida koʻp bosqichli va samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻtgan yilning oktyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO shtab-kvartirasiga tashrifi davomida imzolangan “Mamlakatlar dasturi” doirasida madaniyat, taʼlim, ilm-fan va AKT rivoji kabi yoʻnalishlarga oid muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tomonlar oʻrtasida Oʻzbekistonning moddiy va nomoddiy madaniy merosini asrash masalalari boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan konstruktiv muloqotni alohida taʼkidlash joiz, bu respublika tomonidan ratifikatsiya qilingan barcha normalar hamda YUNESKOning ushbu yoʻnalishdagi tavsiyalarini toʻliq taʼminlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov “Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universiteti rektori sifatida Ozarboyjon turizm va menejment universiteti bilan taʼlim va ilm-fan boʻyicha Anglashuv memorandumini imzolashi kutilmoqda.

Joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekiston tomonning taklifi bilan IKOMOS tarkibidagi yuqori reaktiv monitoring missiyasi Shahrisabz, Samarqand va Buxoro shaharlarida boʻldi va 2016-yil oxiridan boshlab Oʻzbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan ijobiy choralarni rasman qayd etdi.

Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Prezidentining (2018-yil 19-dekabrdagi) “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, (2018-yil 16-yanvardagi)  “Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va foydalanishni takomillashtirish toʻgʻirisida”gi  topshirigʻi, hukumatning “Oʻzbekiston Respublikasi YUNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarini muhofazalash” hamda “Oʻzbekiston Respublikasi YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya faoliyatini takomillashtirish”ga doir qarorlari (09.06.2018) qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublika Madaniyat vazirligida YUNESKO ishlari boʻyicha maxsus boʻlim ochildi.

Bugunga kelib mamlakatda joylashgan butunjahon merosi obyektlarida barcha turdagi qurilish ishlari moratoriysi amal qilmoqda. Respublika parlamentiga butunjahon merosi obyektlarida nosanksion olib boriladigan ishlar uchun jinoiy javobgarlikni koʻzda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi.

Qoʻmitaning Bakuda oʻtayotgan serssiyasi davomida Oʻzbekiston delegatsiyasining Shahrisabz, Samarqand va Buxorodagi madaniy merosni saqlash bilan bogʻliq hisobotlari koʻrib chiqiladi. Muhokamalar yakuni boʻyicha Qoʻmitaning jahon merosi obyektlarini saqlashga doir tegishli qaror va tavsiyalari qabul qilinadi.

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston hukumati qadimiy  shaharlaridagi madaniy merosni saqlash masalalarida nufuzli xalqaro ekspertlar bilan ish olib bormoqda. Xususan, Fransiyaning mashhur Shaharni rejalashtirish instituti mutaxassislari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular Samarqand shahrining bosh loyihasi va menejment rejasini ishlab chiqishda koʻmak berishmoqda. Hujjatlar YUNESKO xalqaro standartlari va talablariga toʻliq muvofiq keladi.

Shahrisabzda IKOMOS xalqaro ekspertlari bilan hamkorlikda jahon merosi chegaralarini oʻlchash hamda shahar qiyofasini uning xalqaro maqomiga muvofiq  oʻzgartirishga doir aniq rejalar ishlab chiqiladi.

Oʻzbekiston ulkan va noyob madaniy merosga ega boʻlib, bu ularni konservatsiyalash, asrash va restavratsiya qilishga oid kundalik mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Shu munosabat bilan joriy yilning avgustida Samarqandda YUNESKO shafeligi ostida moddiy va nomoddiy merosni asrashga doir xalqaro konferensiya oʻtkazish rejalashtirilgan. Unda YUNESKO bosh direktori Odri Ozule va 45 mamlakatning shu sohada faoliyat yurituvchi 200 dan ziyod olim, ekspert va mutaxassislari ishtiroki kutilmoqda. Mazkur konferensiya madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish yoʻlidagi dolzarb muammolarni koʻrib chiqish, xalqaro tajribani oʻrganish, tarixiy-madaniy merosni saqlashni taʼminlash boʻyicha milliy tizimni takomillashtirish, bu yoʻnalishdagi davlat va jamoatchilik tashkilotlari faoliyatining asosiy vektorlarini aniqlash imkonini beradi.

Поделиться