O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mudofaa vazirligi jamoasi “REMBAT – 2019” xalqaro tanlovida qatnashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
2019-07-01 | Jamiyat
Xalqaro armiya o‘yinlariga kiritilgan “REMBAT” – “Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya batal’oni” ko‘rik-tanloviga Mudofaa vazirligi jamoasi ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Musobaqa shu yilning 3—17-avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida bo‘lib o‘tadi. E’tiborli jihati shundaki, “Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya batal’oni” ko‘rik-tanlovi tashkil topganiga 3 yil bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur bahsda ishtirok etishga ilk bor kirishmoqda.
Hozirda Chirchiq poligonida kapitan Husan Muhammadiyev boshchiligidagi jamoa uch bosqichli mashg‘ulotlarni bajarishga kirishgan.
– Oldimizda turgan vazifa judayam mas’uliyatli va buni musobaqada qatnashadigan shaxsiy tarkibning har bir a’zosi ich-ichidan his etib turibdi. Eng muhimi, yigitlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi mustahkam. Tinimsiz olib borilayotgan mashg‘ulotlar esa bizni g‘alaba sari toboro yaqinlashtirib boraveradi. Nasib qilsa, yurtimizga g‘alaba bilan qaytib kelamiz”, – deydi podpolkovnik Ismoil Navro‘zov.