O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Indoneziya: O'zbekiston “Musulmon sayyohlar uchun yangi manzil” sifatida kashf etilmoqda
2019-06-28 | Turizm
27-29-iyun kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida “Trisakti Tourism Award” koʻrgazmasi hamda “Indonesia Halal Expo-2019” mahsulot va xizmatlar yarmarkasi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu nufuzli turizm tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari alohida ziyorat turizmi milliy stendi bilan ishtirok etishmoqda.
Koʻrgazma doirasida boʻlib oʻtgan konferensiyada Indoneziyaning halol xizmatlar va ziyorat turizmi yoʻnalishida bosib oʻtgan yoʻli, erishgan yutuqlari, xalqaro tajriba haqida soʻz bordi.
Qiziqarli jihati shundaki, konferensiyada xorijiy mamlakat taqdimoti uchun faqat Oʻzbekiston tanlab olindi va “Musulmon sayyohlar uchun yangi manzil” mavzusida Oʻzbekiston turizm imkoniyatlari haqida taqdimot boʻlib oʻtdi. "Oʻzbekistonning turizm salohiyati bilan tanishib, mamlakatingizda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun koʻplab sharoitlar mavjud ekanligiga amin boʻldik", – deydi “Trisakti Tourism Award” prezidenti Viryanti Sukamdani xonim. – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ikki tashabbusi bilan 2018-yilning 10-fevralidan boshlab Indoneziya fuqarolariga viza tizimining bekor qilingani hamda yaqindagina yoʻlga qoʻyilgan Toshkent-Jakarta-Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovi ikki mamlakat oʻrtasidagi turizm va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta turtki berdi".
Viryanti Sukamdani xonimning so'zlariga ko'ra, ushbu ijobiy omillar Oʻzbekistonda tugʻilib ijod qilgan allomalar, imomlar, boy islom sivilizatsiyasi merosi, 4 mavsumli goʻzal tabiatni tomosha qilishga qiziqayotgan salohiyatli sayyohlar uchun asosiy chorlovchi vosita boʻlib xizmat qila oladi. Viza tizimining koʻp mamlakatlarga nisbatan olib tashlanishi esa Oʻzbekistonni jahonning ziyorat turizmi yoʻnalishida yetakchilaridan biriga aylanishiga olib kelishi mumkin.
Ma'lumot uchun: Viryanti xonim Indoneziyaning eng yirik mehmonxonalar tarmogʻiga ega "Sahid Group" tashkiloti fondi prezidenti boʻlib, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi taklifi bilan Samarqand viloyatida Imom Al-Buxoriy ziyoratgohi yaqinida qurilayotgan halol standartli "Sahid Hotel" loyihasini amalga oshirmoqda.