O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston otelyerlar assotsiatsiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2019-06-28 | Turizm
2019-yil 26-iyun kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston otelyerlar assotsiatsiyasining taqdimoti o‘tkazildi. Unda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq otelyerlar, shuningdek, turoperatorlar hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston otelyerlar assotsiatsiyasi joriy yilning 2-aprel kuni O‘zbekiston mehmonxonalar sanoatini rivojlantirish, mehmonxona xizmati sifatini yaxshilash va kengaytirish, mehmonxonalarga doir xalqaro va milliy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish maqsadida tashkil etilgan.
“Bugungi kunda mamlakatimizda aynan turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan jamoat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Xususan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan O‘zbekistonda mehmonxona va restoranlarda turistlarga xizmat ko‘rsatish darajasini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha xalqaro konferensiya va seminarlarni o‘tkazish, xorijiy ekspertlar ishtirokini ta’minlash borasida bir qator ishlarni rejalashtirganmiz” – deydi O‘zbekiston otelyerlar assotsiatsiyasi raisi Farangiz Abdullayeva.
Tadbir davomida mazkur Assotsiatsiya tashkil etilganidan bugungi kungacha bo‘lgan davr ichida erishilgan yutuqlar va olib borilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, O‘zbekiston otelyerlar assotsiatsiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar hamda rejalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, mahalliy mehmonxona va restoranlarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, rahbar va mas’ul xodimlarning malakasini oshirish, mazkur sohada xorijdagi yetakchi mehmonxona va restoranlar vakillarini keng jalb qilish orqali turli o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, turistlarga xizmat ko‘rsatish sohasida kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashga ko‘maklashish hamda kadrlar bazasini shakllantirish kabi masalalar, shuningdek, sohadagi mavjud muammolar keng muhokama etildi.