O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universiteti Britaniya Kengashi tenderida gʻolib boʻldi
2019-06-26 | Turizm
Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti (XTU) Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari orasida Creative Spark loyihasi doirasida Britaniya Kengashi loyihasi grant vositalaridan “Ingliz tili klubi” ochilishi uchun oʻtkazilgan tenderda gʻolib boʻldi.
Creative Spark: Higher Education Enterprise Programme – Buyuk Britaniya va kreativ fikrlash va tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan loyiha ishtirokchilari mamlakatlari universitetlari hamda taʼlim muassasalari oʻrtasida kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida oʻtkaziluvchi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga doir dastur. Loyihada dunyoning yetti davlati - Oʻzbekiston, Gruziya, Ukraina, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Ozarboyjon va Armanistondan 120 nafar ishtirokchi qatnashmoqda.
Dastur oliy taʼlim tizimidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va muvaffaqiyatli ishga joylashish koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida Buyuk Britaniya tajribasidan foydalangan holda taʼlim jarayoni doirasida kreativ tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
Loyiha ishtirokchilarining birinchi rasmiy uchrashuvi 2018-yilning 20-21-noyabrida Gruziyada boʻlib oʻtgan, unda Oʻzbekistondan “Ipak yoʻli” XTUning oʻquv va tarbiyaviy ishlari boʻyicha prorektori Bahodir Toʻrayev qatnashgan. Uchrashuv davomida 35 hamkorlik guruhlari vakillari ushbu loyiha rejalari va uni amalga oshirish bosqichlari (mehnat bozorini tadqiq qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ehtiyojlarini aniqlash, yangi taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, talabalar orasida kreativ fikrlash va tadbirkorlik boʻyicha tanlovlar tashkil etish)ni muhokama qilishgan. 2018-yilning dekabrida ingliz tilini oʻrganish platformasiga start berildi va u yerda universitetning 137 nafar talabasi roʻyxatdan oʻtdi.
Hamkorlikning ikkinchi bosqichida 2019-yilning 18-20-fevralida Shotlandiyaning “Queen Margaret” universiteti professorlari Kler Simen va Mark Robertson oʻqituvchi va talabalar uchun tadbirkorlik koʻnikmalari va kichik oilaviy biznesni shakllantirishga doir seminar oʻtkazish maqsadida tashrif buyurishgan. Shuningdek, “turizm sohasida tadbirkorlik” boʻyicha oʻquv dasturi ishlab chiqilgan va bu dastur 2019-2020-yilning oʻquv rejasiga kiritilgan.
2019-yilning aprelida loyiha doirasida “Big Idea Challenge” tanlovi eʼlon qilindi. Tanlov shartlariga koʻra, universitetning yetti talabasi oʻzining tadbirkorlik gʻoyasi haqida videorolik tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarga joyladi. Tanlov natijalari 16-iyulda eʼlon qilinadi va gʻoliblar 4-6-sentyabrda Oksfordda boʻladigan konferensiyaga yoʻllanadi.
2019-yilning 13-15-mayida QMU professorlarining Samarqandga navbatdagi tashrifi amalga oshirildi. Mazkur tashrifdan maqsad universitet maʼmuriyati va oʻqituvchilarini mavzuiy mahorat darslarini tashkil qilishga oʻrgatish boʻldi. Taʼlim davomida “Kichik xususiy mehmonxonalarda nonushtalarni tashkillashtirish”, “Mehmonxonalarda ichimliklar va oziqlanish xizmati”, “Halol standarti va halol restoranlar xizmatlari” va “Taxi haydovchilari uchun mahorat darsi” kabi dolzarb mavzular boʻyicha toʻrt mahorat darsi tashkil etildi.
“Ingliz tili klubi” dasturi toʻrt asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga olgan:
1. Ingliz tilini oʻrganish;
2. Kasbiy til koʻnikmalarini takomillashtirish;
3. Ishga kirishish;
4. Tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish.
Ingliz tilini oʻrganish dasturi 20 hafta davom etib, 2019-yilning oktyabridan 2020-yilning martigacha boʻlgan muddatda haftada ikki marta 90 daqiqalik mashgʻulotlar koʻrinishida oʻtkaziladi. Ushbu klubda Universitetning 20 nafardan oshmagan, tilni bilish darajasi kamida “A2” boʻlgan talabalari oʻqishi mumkin. Taʼkidlash joizki, Britaniya Kengashi Klubni zarur oʻquv jihozlari bilan taʼminlaydi va oʻqituvchilar mehnati toʻlovi xarajatlarini qoplaydi.