Poytaxtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari Ombudsmanlari uchinchi mintaqaviy maslahatlashuvi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili U.Muhammadiyev, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili R.Komenda, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska va boshqalar bugun dunyoda inson huquqlariga aloqador munosabatlar tobora dolzarb boʻlib borayotgani, har yilgi oʻtkazilayotgan mintaqaviy maslahatlashuv esa inson huquqlari boʻyicha hamkorlikni yanada kuchaytirish, bu borada oʻzaro tajriba almashish uchun oʻziga xos muloqot maydoni boʻlayotganini taʼkidladi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mintaqasida huquqni muhofaza qilish sohasidagi muammolarga samarali yechim topish va birgalikda ushbu muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishdan iborat. Bu borada xalqaro standartlar va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Yigʻilish davomida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston hamda Turkmaniston vakillari oʻz mamlakatlarida inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar holati, Ombudsman faoliyati xususida atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
– Ushbu tadbir BMTning Taraqqiyot dasturi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqaruvi va Ombudsman inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar Global alyansi oʻrtasidagi uch tomonlama hamkorlik koʻmagida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish imkonini berdi, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska. – Yoʻlga qoʻyilgan bu muloqot natijasida Milliy huquqni muhofaza qilish muassasalari oʻzaro harakatlarni yaxshiroq muvofiqlashtirishi hamda inson huquqlari sohasidagi muammolarning nafaqat mamlakat, balki mintaqa miqyosida samarali yechimlarini birgalikda ishlab chiqishi kutilmoqda.
Mintaqaviy maslahatlashuv yakuni boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Ushbu chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.
Shu kuni Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Markaziy Osiyo Ombudsmanlari mintaqaviy maslahatlashuvi ishtirokchilari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda inson huquqlarini taʼminlash sohasida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan keng doiradagi masalalar boʻyicha fikr almashildi.
Mintaqa davlatlari bilan hamkorlik Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi qayd etildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida har tomonlama munosabatlarning barqaror rivojlanishi, xalqaro tashkilotlar va institutlar doirasida amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi, parlamentlararo aloqalar mustahkamlanishi mintaqada integratsiyani yanada chuqurlashtirishga va umuman mamlakatlarning demokratik rivojlanishiga koʻmaklashadi.
Uchrashuv ishtirokchilari Markaziy Osiyo Ombudsmanlari oʻtkazgan maslahatlashuvlar natijalaridan va ularning yakunlari boʻyicha qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”dan qoniqish hosil qilishganini taʼkidladilar. Bu mintaqa mamlakatlarining inson huquqlarini himoya qilish va fuqarolar faolligini oshirish masalalari boʻyicha hamkorligini mustahkamlash imkonini beradi. Qayd etilganidek, ushbu tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlab Samarqandda oʻtkazilgan Osiyo inson huquqlari anjumanining mantiqiy davomi boʻldi.
Shubhasiz, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari Ombudsmanlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mintaqa davlatlarining qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida hamkorlikning kengayishi inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha faoliyatning normativ-huquqiy bazasini mustahkamlash hamda modernizatsiyalashda muhim oʻrin tutadi.
Shuningdek, bugun Oʻzbekistonning inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish siyosatida xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi keng ishtirokini, gender tengligi va reproduktiv salomatlikni taʼminlashga asosiy urgʻu berilishi, bu esa xalqaro hamjamiyatning yuksak bahosiga sazovor boʻlgani taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston parlamentining yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmita tashkil etish tashabbusi ham jamoatchilik tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi.
Nurillo NASRIYEV, Farhod ABDURASULOV (surat), OʻzA