O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2019-06-24 | Siyosat
2019 yil 21 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi ish boshladi.
Unda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida, avvalambor, milliy va hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan qonunlar ishlab chiqilishida senatorlarning faolligini oshirish, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish, xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Senatning xalqaro yo‘nalishdagi faoliyatini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
- Biz Senat deganda, birinchi navbatda milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy saviyasini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi bo‘lgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz. Senator - bu xalqning yuksak ishonchini qozongan vakil. Xalqimiz oldida hammamiz mas’ul va javobgarmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari o‘z nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish va turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilish, ayollarning sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida urg‘u berdi.
- Bir narsani tan olish kerak: ayollar xalqning dardini boshqalardan ko‘ra chuqur his qiladi. Bu yil dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda mehnatkash va oqila ayollarimiz qanchalik ko‘p saylansa, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat naf ko‘radi, - dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi qo‘mita - Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mita tuzishni taklif etdi. Yalpi majlisda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, 2015 yildan buyon Senat Raisi bo‘lib ishlagan Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlangani munosabati bilan lavozimidan muddatidan oldin ozod etilgan edi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga asosan, Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Tanzila Norboyeva nomzodini taklif etdi.
Parlamentning yuqori palatasi a’zolari nomzod to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. So‘zga chiqqanlar Tanzila Norboyeva bilim va tajribasi, vatanparvarligi, jamiyatdagi obro‘-e’tibori, insoniy fazilatlari bilan ushbu lavozimga munosibligi, Senat faoliyatini bugungi kun talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha Prezident nutqida bayon etilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qodir ekanini ta’kidladilar.
Senatorlar tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga Tanzila Norboyeva saylandi.
Tanaffusdan so‘ng senatorlar o‘z ishini davom ettirdilar va “Turizm to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.
Hujjat turistik faoliyatni davlat tomonidan tartibga solishning huquqiy va institutsional bazasini shakllantirish, milliy turistik mahsulotni ichki va jahon bozorlarida tanitishga ko‘maklashish, sayohat industriyasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgani ta’kidlandi.
Qonunda mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab beriladi. Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, soliq va bojxona imtiyozlarini belgilash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, turistik zonalar va turistik klasterlarning rivojlantirilishini rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir.
Bu sohada Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, davlat dasturlarini ishlab chiqish va uni ro‘yobga chiqarishni muvofiqlashtirish, turistik zonalar, turistik klasterlarni tashkil etish va ularda turizm sohasi sub'yektlari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilash, xizmatlarni sertifikatlashtirish, turistlar va ekskursantlarni sug‘urta qilish, ularga tibbiy, huquqiy hamda boshqa turdagi yordam ko‘rsatish tartibini belgilash, byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilash, turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish, mehmonxona xizmatlarini, turoperatorlar va turagentlar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash kabi vazifalar kiradi.
Qonun normalarida turizm sohasi sub'yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi, turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turizm sohasida tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish, turizm sohasida oshkoralik va ochiqlik kabi asosiy printsiplar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Qonunda xalqaro va ichki turizm shakllari, shuningdek madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik, ijtimoiy, sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm kabi sayohat turlari mustahkamlanmoqda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining turizm sohasi tadbirlaridagi ishtiroki mexanizmlari belgilanmoqda, ular turizmni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, jamoatchilik nazorati, bu sohada takliflar kiritish, davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdan iborat.
Ushbu hajjat mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni rivojlantirishga, pirovardida aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga ko‘maklashishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish dolzarb masaladir va bu nafaqat internet texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi va umuman globallashuv, balki fuqarolarning shaxsiy hayotga doir huquqini himoya qilish zarurati bilan bog‘liq. Qonun shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish chog‘ida qo‘llaniladigan vositalaridan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan qat’i nazar, yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi, shaxsga doir ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligi, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va himoya qilinganligi, sub'yektlar, mulkdorlar va operatorlar huquqlarining tengligi, shaxs, jamiyat hamda davlatning xavfsizligi asosiy printsiplar sifatida mustahkamlangan.
Bundan tashqari, Qonunda davlat organlarining bu sohadagi vakolatlari belgilanmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasi davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi, davlat dasturlarini tasdiqlaydi, Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritish va davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilaydi, tegishli organlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilayotganda ushbu ma’lumotlarning himoya qilinganlik darajasini, ular himoyasini ta’minlaydigan talablarni, biometrik va genetik ma’lumotlar mavjud bo‘lgan moddiy jismlarga hamda bunday ma’lumotlarni shaxsga doir ma’lumotlardan tashqarida saqlash texnologiyalariga oid talablarni belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning hamda mulkdorning va operatorning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilishini hamda ularning himoya qilinishini ta’minlovchi tarkibiy bo‘linmasi yoki vakolatli vakili faoliyatini tashkil etishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi, Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritadi, shaxsga doir ma’lumotlar bazasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma beradi, davlat nazoratini amalga oshiradi, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi, shaxsga doir ma’lumotlarning zarur himoya qilinganlik darajasini belgilaydi, ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi va mazmunini, faoliyat turini, shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarning haqiqiyligini tahlil qiladi, qonun hujjatlarining buzilishlarini bartaraf qilish haqida ko‘rsatmalar kiritadi.
Shu bilan birga, Qonunda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish mexanizmlari mustahkamlanmoqda, u shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralar ko‘rishni nazarda tutadi. Bu sub'yektning o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini, shaxsga doir ma’lumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligiga rioya etilishini, shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini ta’minlaydi. Shuningdek, Qonunda bunday ma’lumotlarning maxfiyligi, ularning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalariga kiritish uchun sub'yektning yozma roziligini olish, shuningdek sub'yektning shaxsga doir ma’lumotlarini hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan uning murojaatiga ko‘ra chiqarib tashlash ta’minlanmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Parlament a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar. Qonunda Hisob palatasining davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi sifatida huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda.
Davlat byudjeti loyihasi parametrlarini shakllantirishni tizimli tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanganligi auditini amalga oshirish, shuningdek byudjet mablag‘lari tushumlarining to‘liqligini o‘rganish hamda nazorat qilish, Davlat byudjeti daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish, amalga oshirilayotgan byudjet xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan o‘tkazish, bu xarajatlarni kamaytirish imkoniyatlarini aniqlash Hisob palatasining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Bundan tashqari, Hisob palatasi byudjet mablag‘lari va davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini baholaydi, soliq, bojxona va byudjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, byudjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar kiritadi, respublika byudjeti hamda mahalliy byudjetlar o‘rtasidagi nisbatning maqbulligini baholaydi, Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qiladi, pul-kredit va valyuta siyosatini, mamlakat aktivlari hamda majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralarining boshqarilishini, shuningdek qimmatbaho metallar va toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan o‘tkazadi.
Hisob palatasi faoliyatining asosiy printsiplari qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik va shaffoflikdan iboratdir. Bundan tashqari, Qonun normalarida Hisob palatasining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi mexanizmlari belgilanmoqda, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish, mansabdor shaxslarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish masalalari, shu jumladan Hisob palatasi xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlari, Hisob palatasi mansabdor shaxslarini moddiy va ijtimoiy ta’minlash, Hisob palatasini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash masalalari tartibga solinmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra parlament a’zolari “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Hujjat davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar qonuniy asosda egalik qilayotgan va foydalanayotgan qurol muomalasini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi. Hujjatda qonuniylik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda saqlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish ustuvorligi, xalqaro majburiyatlarning vijdonan bajarilishi, axborotning oshkoraligi hamda undan foydalana olish kabi qurol muomalasining asosiy printsiplari belgilanmoqda.
Qonunda qurol turlari tasniflanmoqda va u fuqaroviy qurol, xizmat quroli hamda jangovar quroldan iborat. Fuqaroviy qurol ov quroli, sport quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish quroliga bo‘linadi. Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkni himoya qilishga, tabiatni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus xat-xabarlarni muhofaza qilishga doir vazifalarni bajarish chog‘ida yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida foydalanish uchun mo‘ljallangan qurol xizmat quroli jumlasiga kiradi. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa tuzilmalar tomonidan qo‘llaniladigan, jangovar harakatlarni olib borish hamda xizmat vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan qurol jangovar qurol hisoblanadi.
Shuningdek, Qonunda qurolni va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lgan sub'yektlar ro‘yxati belgilangan. Maxsus organlar va harbiy tuzilmalar, maxsus xizmat vazifalariga ega bo‘lgan, qurol ishlab chiqarish va uni realizatsiya qilish, ovchilik va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar, qurolni kollektsiyalash yoki ko‘rgazmaga qo‘yish bilan shug‘ullanadigan yuridik va jismoniy shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ana shu ro‘yxatga kiradi.
Shundan keyin “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi. Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mehnat qilish huquqini, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish mumkin emasligi to‘g‘risidagi talablarni buzganlik, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik, vaqtinchalik ishga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar to‘lash majburiyatidan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga chet eldan ish kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilanmoqda. Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnat qilishga ma’muriy yo‘llar bilan majburlaganlik va bo‘sh ish o‘rinlarini bekitganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra parlament yuqori palatasi a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 1 maydagi PQ-2940-sonli qarorining 10-bandiga muvofiq Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga ov va sportga mo‘ljallangan o‘qotar qurolni hamda uning o‘q-dorilarini, shuningdek sovuq kurolni (pichoqlarning milliy turlaridan tashqari) ishlab chiqarish, ta’mirlash va realizatsiya qilish o‘rniga fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, ta’mirlash va realizatsiya qilishdan iborat yangi faoliyat turi kiritilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 12 martdagi qarorining 11-bandiga muvofiq “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi hamda “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunlarga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya instituti joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomillari undiruvchining arizasi bo‘yicha 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish uchun asos hisoblanadi. Undiruvchi va qarzdor o‘rtasida ijro predmeti yuzasidan bitimga erishilmaganda, shuningdek tomonlardan biri mediatsiyani davom ettirishdan voz kechganda yoki uni amalga oshirish muddati tugaganda ijro ishini yuritish davlat ijrochisi tomonidan qaytadan boshlanadi.
Mutaxassis davlat ijrochisi qarori bilan tanishgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishi shartligini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ham kiritilmoqda. Kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra ijro hujjatlarida undiruvchining yoki qarzdorning elektron pochtasi yoki mobil telefonining raqami (agar ular sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organga (mansabdor shaxsga) taqdim etilgan bo‘lsa) mavjud bo‘lgan taqdirda, ijro ishini yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi xabarnoma uning jo‘natilganligi va qabul qilinib olinganligi faktlarini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoxud mobil aloqa vositalari orqali qisqa xabar (SMS) tarzida yuboriladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra parlament a’zolari “Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konventsiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014 yil 11 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun bilan Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konventsiyasiga Bayonnomani (bundan buyon matnda Bayonnoma deb yuritiladi) ratifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra XMTning har bir a’zosi Konventsiyadan kelib chiqadigan o‘z majburiyatlarini ijro etish maqsadida majburiy mehnat xavfining oldini olishga, majburiy mehnat xavfini oshiradigan omillarni aniqlashga, ish beruvchilar majburiy mehnat amaliyotida ishtirok etishining oldini olish uchun ularni o‘qitish va xabardor qilishga qaratilgan faol sa’y-harakatlar olib boradi.
Bayonnomani 30 ta davlat, shu jumladan Buyuk Britaniya, Norvegiya, Finlyandiya, Frantsiya, Chexiya, Ispaniya, Niderlandiya, Isroil, Rossiya ratifikatsiya qilganligi qayd etildi. Bayonnomaning majburiy mehnatni taqiqlash to‘g‘risidagi qoidalari Konstitutsiyada (37-modda), Mehnat kodeksida (7-modda), Jinoyat kodeksida, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda, bir qator qonunlar va Hukumat qarorlarida aks etganligi ta’kidlandi.
Parlament a’zolarining fikricha, ushbu Bayonnomaning ratifikatsiya qilinishi majburiy mehnatning oldini olish, bunga majbur qilinganlarni himoya qilish va himoya vositalaridan foydalanishni ta’minlash bo‘yicha yangi majburiyatlarni belgilagan holda xalqaro-huquqiy bazani mustahkamlash, shuningdek XMT bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, majburiy mehnatga duchor qilinganlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgangan holda xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar tomonidan Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Bu masala birinchi navbatda hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Jumladan, Karmana tumanidan ajratilayotgan hududda qariyb 7 ming kishi istiqomat qiladi.
Navoiy shahri hududining cheklanganligi zarur hajmda qurilish loyihalarini amalga oshirish imkonini bermaydi. Shu sababli ko‘p qavatli uylar, sport inshootlari va ijtimoiy ob'yektlar maydoni 144 gektardan ortiq Karmana tumani hududining bir qismida qurilmoqda. Biroq bu shahar kommunikatsiyalariga ulanish imkoniyatini qiyinlashtirmoqda. Shu munosabat bilan Karmana tumani “Varq” va “Yoshlik” mahallalarining 1 097,58 ga yerini Navoiy shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Masala senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra parlamentning yuqori palatasi a’zolari rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.
Yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmi 2018 yilda 8,2 trln. so‘mni, 2017 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 102,1 foizni tashkil etganligi qayd etildi. 2019 yilning birinchi choragida YaHM 1,8 trln. so‘mni, o‘tgan yilning o‘sha davriga nisbatan o‘sish sur’ati esa 102,6 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlarini chiqarish hajmi 1673,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi va o‘sha davrga nisbatan 100,5 foizga o‘sdi. Viloyatning asosiy kapitalini ko‘paytirish uchun 519,8 mlrd. so‘mlik investitsiyalar kiritildi. Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha xizmatlar hajmi 543,2 mlrd. so‘mni, 2018 yilga nisbatan o‘sish 118,5 foizni tashkil etdi.
Hisobotni eshitishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosiga, jumladan, viloyatning Xovos tuman markazini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlariga asosiy urg‘u berildi. Hozirgi vaqtda Xovos shaharchasi markazini qurish ishlari amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Jumladan, 240 ta kvartiraga mo‘ljallangan arzon narxlarda 10 ta besh qavatli uy qurish ishlari yuqori sur’atlar bilan olib borilmoqda. Bundan tashqari, 100 ta uy qurish uchun yer maydonlari ajratildi, qurilish ishlari boshlandi.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida hududlarni rivojlantirishga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishi samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammo va kamchiliklar mavjud. Ayrim vazirliklar va idoralarda mavjud muammolarni hal qilishga kompleks yondashilmasligi tufayli bu masalalar dolzarbligini yo‘qotmayapti. Jumladan, elektr bilan ta’minlovchi korxonalar dispetcherlik punktlarining maxsus texnika bilan ta’minlanganlik darajasi 40-45 foizni tashkil etishi, bu esa tegishli xizmatlar sifatini ta’minlash uchun yetarli emasligi qayd etildi.
Muhokama chog‘ida viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hudud bo‘yicha bu ko‘rsatkich atigi 65,6 foizni tashkil etishi ta’kidlandi. Aslida bu ko‘rsatkichni shu yilning o‘zida 86,1 foizgacha oshirish imkoniyati mavjud. Buning uchun barcha rejalashtirilgan ishlar aniq va sifatli bajarilishi kerak. Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin yalpi majlis ishtirokchilariistiqbolli turizm yo‘nalishida O‘zbekiston xalqaro imijini oshirish choralari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Mamlakatimizga sayohat qilishni xohlovchilar oqimini oshirishda jahon hamjamiyatini mamlakatimizda mehmonlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlardan to‘g‘ri xabardor qilish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Biroq xorijiy mamlakatlar tashqi siyosiy idoralarining rasmiy tavsiyalarida O‘zbekiston haqida noxolis va eskirgan ma’lumotlar berilayotganligi tufayli bu sohada ijobiy o‘zgarishlar sezilmayapti. Shu munosabat bilan tegishli parlament so‘rovini yuborish zarurati yuzaga keldi. Masala senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, parlament a’zolari Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish haqidagi masalani ham ko‘rib chiqdilar. Masala senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar fuqarolarning ko‘chmas mulk ob'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, mulk huquqini rasmiylashtirish va ularni soliqqa tortishga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida, qishloq xo‘jaligida mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish hamda mazkur sohadagi norasmiy bandlik masalalari yuzasidan, mamlakatda imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida, umumta’lim maktablari darsliklarining davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqligi to‘g‘risida avval yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ko‘rib chiqdilar.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida 18 ta masala, shu jumladan 7 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari jamiyatning barcha sohalarida huquqiy asoslarning yanada mustahkamlanishini va islohotlar hamda o‘zgarishlarning izchil amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilganligi ta’kidlandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.