Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tomonidan “O‘zbekiston – Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati ko‘magida “Afg‘oniston XX va XXI asrlar chorrahasida: tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy jihatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlar” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
Afg‘oniston Islom Respublikasi mustaqilligining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, AQSh, Xitoy, Niderlandiya, Shvesiya mamlakatlaridan akademik doiralar vakillari, olimlar, yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – Afg‘oniston taraqqiyotining so‘nggi 40 yildagi ijtimoiy, tarixiy-madaniy sohalarini ilmiy tahlil qilishdan iborat.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ayni paytda O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida rivoj topayotgan munosabatlar ikki mamlakat xalqlari farovonligi, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekiston qo‘shni Afg‘oniston bilan ikki tomonlama aloqalarni sezilarli darajada kengaytirib, afg‘on mojarosini hal etish bo‘yicha ko‘p tomonlama muzokaralarda faol ishtirok etmoqda. 2018 yil mart oyida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasining tashkil etilgani ham fikrimizga yorqin misol.
Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, savdo-iqtisodiy aloqalar va transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqda.
Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari, vazirliklar va idoralar o‘rtasidagi muloqotlar o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim omil bo‘lyapti.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Afg‘oniston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmida o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. Ikki tomonlama savdo hajmini kelgusida yanada oshirish bo‘yicha imkoniyatlar bor.
Bugungi kunda O‘zbekistonda afg‘on yoshlarini o‘qitish, savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili lavozimi joriy etilgani, xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanilayotgani barcha sohalarda manfaatli aloqalar rivojida muhim o‘rin tutmoqda.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekiston –Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati hamkorligida o‘tkazilayotgan bugungi konferensiya ijtimoiy-siyosiy, ilmiy ahamiyatga ega, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori Rahmonxo‘ja Inomxo‘jaev. – Institutimizda afg‘on tilshunosligi, tarixi va madaniyati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanib, Afg‘oniston bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu tadbir doirasida ijtimoiy-madaniy munosabatlar bo‘yicha almashinuvlarni yanada jonlantirish imkoni tug‘ilmoqda.
Konferensiya o‘z ishini shu’ba majlislarida davom ettirdi. Afg‘onistonning ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan madaniy, siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalardagi aloqalari, ushbu jarayonda O‘zbekistonning roli tahlil qilindi.