Toshkent shahrida 20-iyun kuni Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) Bojxona hamkorlik qoʻmitasining oʻn sakkizinchi majlisi ish boshladi.
Tadbirda Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Gruziya, Moʻgʻuliston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Xitoy bojxona xizmatlari, shuningdek, Jahon bojxona tashkiloti delegatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirok etmoqda.
CAREC dasturi Osiyo taraqqiyot banki tashabbusi bilan 1997-yilda Osiyo davlatlarining bojxona sohasida mintaqaviy va koʻp tomonlama hamkorligini yanada kengaytirish masadida tashkil etilgan. Bugungi kunda 11 davlat ushbu tashkilotga aʼzo. CAREC dasturi bojxona nazorati va rasmiylashtirish jarayonlarini modernizatsiyalashdan tashqari nazorat punktlari, chegara xizmatlarini takomillashtirish, avtomobil va temir yoʻllari, havo transportini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda ham faoliyat olib bormoqda.
Majlisda Oʻzbekiston tomoni CARECga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari oʻrtasida yagona axborot tizimini joriy etish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur tashabbus CARECga aʼzo davlatlarning yagona oyna tizimini joriy etish va tashuvchilar roʻyxatini tuzish, elektron xujjat aylanishini tashkil etish, tadbirkorlarning shaxsiy kabinetini yaratishni koʻzda tutadi. Yagona axborot tizimi vositasida bojxona organlari davlat chegaralari orqali olib oʻtilayotgan tovar va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan oldindan xabardor boʻladi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlarning qicqa muddatda chegaradan oʻtishini taʼminlab, moliyaviy xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.
Ushbu tashabbus SARECga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari tomonidan maʼqullandi. Tojikiston, Pokiston, Xitoy, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Xitoy vakillari oʻz mamlakatlari bojxona sohasida ushbu tashabbusga yaqin amaliyot borligi, ular ikki tomonlama kelishuvlar asosida amalga oshirilayotgani sababli, koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun yagona tizimga zarurat borligini qayd etdi. Yagona axborot tizimini tashkil etish kelgusida mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Majlisda Bojxona hamkorligi kengashining 2019-2020-yillarga moʻljallagan dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va Osiyo taraqqiyot bankining dasturga aʼzo mamlakatlarda ilgʻor yangiliklarni amaliyotga joriy qilish boʻyicha koʻrsatayotgan texnik koʻmagiga aloqador masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston joriy yilda CAREC dasturiga raislik qilmoqda. Mamlakatimizda 2002-2018-yillarda dastur doirasida qator investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Mazkur loyihalar mintaqa davlatlarining jahon bozoriga qisqa yoʻllar orqali chiqishini taʼminlovchi transport-tranzit yoʻlaklarini shakllantirishga qaratilgan.
CARECning 2020-yilga qadar moʻljallangan strategiyasi doirasida mamlakatimizda transport kommunikatsiyalari, logistika va bojxona tizimlarini modernizatsiya qilish sohalarida 24 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.
Mamlakatimizning raisligi doirasida Toshkent shahrida dasturga aʼzo davlatlar vazirlari konferensiyasi boʻlib oʻtadi. Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) Bojxona hamkorlik qoʻmitasining majlisi ushbu nufuzli tadbirga tayyorgarlik vazifasini oʻtaydi.