Samarqand shahridagi Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydonda Samarqand Temurbeklar maktabining birinchi bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug, Samarqand harbiy prokuraturasi vakillari, Temurbeklar maktabi jamoasi, bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur maktablar yoshlarni Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Bobur kabi ulug‘ ajdodlarimiz, sarkardalar harbiy mahoratlarini o‘rgangan holda Qurolli Kuchlarimiz uchun munosib kadrlar tayyorlash, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
– Bolaligimdan sport bilan shug‘ullanib kelaman va harbiy bo‘lishni orzu qilganman, – deydi Temurbeklar maktabi bitiruvchisi Yo‘ldosh Ergashev. – Shu maqsadda Samarqand Temurbeklar maktabiga o‘qishga kirib, ikki yil davomida bu yerda harbiylikning dastlabki ko‘nikmalarini egalladim. Bugun ushbu maktab diplomini olar ekanman, zimmamda katta bir mas’uliyatni his qildim. Kelgusida shu sohada o‘qishni davom ettirib, Vatanimizga munosib harbiy bo‘lishga va’da beraman.
Tadbirda bitiruvchilar tomonidan tantanali yurish, harbiy-jangovar chiqishlar namoyish etildi.