O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tojikiston delegatsiyasi Madaniyat vazirligida
2019-06-19 | Madaniyat
Joriy yilning 18-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev Tojikiston xalq artisti Sayram Isayeva boshchiligidagi Tojikiston delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida madaniyat va sanʼat, ayniqsa teatr yoʻnalishida jiddiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif-mulohazalar tinglandi.
“Maysaraning ishi”da Maysara, “Nodirabegim” filmida Nodirabegim va yana bir qancha rollari bilan oʻzbek tomoshabinlariga ham yaxshi tanish boʻlgan Sayram Isayeva mamlakatimizda keyingi yillarda koʻplab ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganini tilga olib, sanʼat va madaniyat sohasi ham bundan mustasno emasligini eʼtirof etdi. Uchrashuv davomida Tojikistondagi Kamoli Xoʻjandi nomidagi musiqali drama teatri bilan Toshkentdagi Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi. Unga koʻra, har ikki davlat uchun ham buyuk sarkarda hamda ona timsoli sifatida tarixda nom qoldirgan Toʻmaris haqida oʻzbek ijodkorlari Tojikistonda, tojik aktyorlari esa Oʻzbekistonda spektakl namoyish qiladi. Spektaklni sahnalashtirish jarayonlarida oʻzaro tajriba almashiladi.