O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniyada Oʻzbekiston madaniyati koʻrgazmasi namoyish etildi
2019-06-17 | Turizm
Germaniyaning Reda-Videnbryuk shahrida Xalqaro madaniyatlar bayrami bo‘lib o‘tdi. UndaO‘zbekistonning Franfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari faol ishtirok etib, o‘zbek xalqining boy tarixi, zamonaviy rivojlanishi, betakror madaniyati va urf-odatlari, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlardagi me’morchilik yodgorliklari taqdimotini o‘tkazdi.
Germaniya Bundestagi va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal o‘lkasi deputatlari, siyosiy va ishbilarmon doiralar, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan tadbir doirasida mamlakatimiz diplomatik missiyasi xodimlari “Exorior” madaniyatlararo jamiyati bilan hamkorlikda ko‘rgazma tashkil qilib, yog‘och va temir o‘ymakorligi, sopol va chinni buyumlar, adras va kimhob matolar, so‘zana va ipak mahsulotlari kabi o‘zbek hunarmandchiligi namunalarini namoyish etdi.
Anjuman qatnashchilarida, ayniqsa, zardo‘zi va so‘zana do‘ppilar, ularning tikish uslublari va xalqimiz madaniyatida tutgan o‘rni katta qiziqish uyg‘otdi. Bunday betakror milliy mahsulotlarni tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan mahorat darslarida do‘ppi na’munalarini o‘z qo‘llari bilan tikishga qiziqqan havaskorlarning safi keng bo‘di.
- Shahrimizda 50 dan ortiq millat vakillari ahillikda yashaydi va ular orasida bir necha o‘zbek oilasi ham bor, - deydi Reda-Videnbryuk shahridagi boshlang‘ich ta’lim muassasasi xodimi Xelga Vinter. - O‘zbeklar mehmondo‘stligi, milliy taomlari va mazasi tilni yoradigan mevalari bilan dunyoga mashhur. Bugungi tadbir o‘zbek xalqi tarixi va an’analari haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish imkonini yaratdi.
“Exorior” madaniyatlararo jamiyatining o‘zbek milliy raqslari to‘garagi ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan musiqali chiqishlar Xalqaro madaniyatlar tadbiriga o‘zgacha shukuh berdi.