Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Polsha kabi 7 ta davlatdan 20 ga yaqin investor hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes forum bo‘lib o‘tdi.
Tumanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qulay investitsiya muhiti, investorlarga bir qator imtiyozlar yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Singapur davlatining “INDORAMA AGRO” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi paxta yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha 115,2 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishni mo‘ljallamoqda. Joriy yilning yanvar-may oylarida loyihani amalga oshirish uchun 34 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya kiritilishi hisobiga 1000 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Yana bir korxona “Myung Sung Placon LTD” kompaniyasi bilan 5 gektar yerda gidroponika usulida issiqxona qurish ishlari boshlab yuborildi.
Bundan tashqari, joriy yilda Xitoy davlati kompaniyasining 5,7 million AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyasi hisobiga “Big-REGION” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 5,2 million AQSh dollari miqdoridagi jinsi matosi ishlab chiqarish, Rossiyaning OOO “ALTAY RAY” kompaniyasi bilan “ALTAY RAY” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.
Kompaniyamiz asosan Osiyoda joylashgan davlatlarga energetika, gaz qazib olish va yetkazib berish yo‘nalishlariga investitsiya kiritadi va hamkorlikda ishlaydi, – deydi Hindistonning “NTPC Limited” kompaniyasi menedjeri Alok Kumar. – Maqsadimiz O‘zbekiston bilan ham energetika sohasiga investitsiya kiritish va hamkorlik qilish.
Ta’kidlash lozimki, tuman qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Shu bois hududda yiliga 90 ming tonna sabzi va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiriladi. Lekin ularni qayta ishlaydigan birorta ham korxona mavjud emas.
Kompaniyamiz keng tarmoqli va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida loyihalarga investitsiya kiritadi va bevosita hamkorlik qiladi, – deydi “KG Networks GIS” kompaniyasi bosh direktori Kim Chjon Sok. – Kompaniyamiz keyingi yillarda Osiyo davlatlarida asosan qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiya kiritmoqda. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va sifatli saqlash yo‘nalishidagi loyihalarga investitsiya kiritishni mo‘ljallayapmiz.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bugungi kunga qadar viloyatga tashrif buyurgan 180 dan ortiq xorijiy kompaniya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, viloyatning barcha tumanlari kesimida 132 ta qo‘shma va xorijiy korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Manba: O'zA