O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jerar Depardye Oʻzbekiston haqidagi filmda suratga tushadi
2019-06-17 | Madaniyat
Fransiyaning “B-Tween” prodyuserlik kompaniyasi vakillari 14-iyun kuni mashhur kino yulduzi Jerar Depardye ishtirokida Oʻzbekistonning tarixiy va meʼmoriy merosi, madaniy va gastronomik anʼanalari haqidagi hujjatli film syomkalarini tashkil qilish uchun mamlakatimizga tashrif buyurishdi.
Oʻzbekiston haqidagi filmga oid loyiha respublikamizning Fransiyadagi elchixonasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Fransiyaning “B-Tween” kompaniyasi koʻp yillar mobaynida kino va audiovizual ishlab chiqarish, mamlakat va uning tashqarisida filmlar tasvirga olish bilan shugʻullanadi. Kompaniya bir necha yil davomida madaniy mavzuga oid teleloyihalarni amalga oshirib keladi va Fransiya Audiovizual xolding tarkibiga kiradi. Kompaniya Yevropaning yetakchi “France Télévisions”, “ARTE”, “EuropaCorp” telekompaniyalari bilan faol hamkorlik qiladi.
Kinosayohat doirasida kompaniyaning ijodiy guruhi Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda boʻlib, meʼmoriy va tarixiy yodgorliklar hamda syomkalar uchun qiziqarli lokatsiyalarni oʻrgandi, mahalliy hunarmandlarning ishlari bilan tanishdi va milliy taomlarimizdan baxramand bo’lishdi.
Kartinaning “Sahrodagi Luvr” bilan bogʻliq qiziqarli syujetlaridan biri fransiyalik kinoakterning Nukusdagi Savitskiy nomli muzeyga tashrifi boʻlishi kutilmoqda.
Hujjatli filmda oʻzbekona mehmondorchilik sirlari namoyish etiladi.
Fransiyalik mutaxassislarning fikricha, “Ipak yoʻli” filmi Oʻzbekistonni koʻp asrlik tarix va boy anʼanalarga ega qiziqarli turistik yoʻnalish sifatida namoyish etib, mamlakatning yorqin tashrif qogʻoziga aylanadi.
52 daqiqalik film translyatsiyasi Fransiya telekanallaridagi eng yaxshi efir vaqtlarida uzatilishi rejalashtirilgan. Film asosiy epizodlari syomkasi 2019-yilning sentyabriga moʻljallangan.