Boks boʻyicha havaskorlar oʻrtasida qitʼa va jahon chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylangan hamyurtimiz Bektemir Meliqoʻziyev bugun tongda professional ringdagi ilk jangini oʻtkazdi.
U professional boksning super oʻrta (-76,2 kg) vazn toifasida ringga koʻtarilib, debyut jangidayoq nomdor raqibini nokautga uchratdi.
Los-Anjelesdagi “The Avalon” saroyida tashkil etilgan boks oqshomida Meliqoʻziyevga shu kunga qadar professional ringda 46ta jang oʻtkazgan argentinalik tajribali charm qoʻlqop ustasi Martin Fidel Rios raqiblik qildi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, Rios bugungacha professional boksda 23ta gʻalabaga erishgan boʻlib, shundan 13tasini muddatidan avval oʻz foydasiga hal qilgan.
Garchi jang 6 raundga moʻljallangan boʻlsa-da, jangning birinchi raundidayoq Bektemir tomonidan berilgan kuchli zarbadan keyin Rios yerga quladi va referi hamyurtimiz foydasiga nokautni qayd etdi. Shu tariqa professional boksga “bezori” laqabi bilan kirib kelayotgan Meliqoʻziyev oʻzining debyut jangida ishonchli gʻalabaga erishdi.
Eslatib oʻtamiz, Bektemir Meliqoʻziyev shu yilning aprel oyidan AQSHda “Mir boksa” promouterlik klubida mashgʻulotlar olib bormoqda.