2019/2020 oʻquv yili kuzgi semestriga qadar oliy taʼlim muassasasidagi oʻqishini koʻchirmoqchi, koʻchirib tiklamoqchi yoki qayta tiklamoqchi boʻlganlar diqqatiga!
Oʻqishni koʻchirish (shu jumladan, xorijiy OTMdan ham) va koʻchirib tiklash toʻgʻrisidagi arizalar va hujjatlar 2019-yilning 15-iyulidan 5-avgustigacha (oʻsha kuni ham) boʻlgan muddatda vazirlikning hududiy ishchi guruhlari tomonidan qabul qilinadi.
Arizalarni qabul qilish boʻyicha hududiy ishchi guruhlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi bittadan OTMda tashkil etiladi.
Hududiy ishchi guruhlari tashkil etiladigan OTMlar roʻyxati Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan 2019-yilning 15-iyuliga qadar tasdiqlanadi va vazirlikning rasmiy veb-saytida va telegram kanalida eʼlon qilinadi.
Hududiy ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
1. Ariza (ariza blankalari hududiy ishchi guruhiga murojaat qilingan vaqtda hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi);
2. Pasport nusxasi;
3. Reyting daftarchasi yoki akademik maʼlumotnoma nusxasi.
Qayd etilgan hujjatlardan boshqa, koʻchirishga boʻlgan sabablarni asoslovchi hujjatlarni topshirish majburiy emas (tavsiyaviy harakterga ega).
Xorijiy OTM muassasalaridan OʻzR OTMlariga oʻqishini koʻchirish istagini bildirganlar oʻqishini koʻchirmoqchi boʻlgan taʼlim yoʻnalishiga kirish fanlaridan maxsus sinov topshiradilar (masalan, Toshkent tibbiyot akademiyasining Davolash ishi taʼlim yoʻnalishiga koʻchirmoqchi boʻlganlar - biologiya, kimyo, ona tili va adabiyoti fanlaridan imtihon topshiradilar).
Mazkur maxsus sinovlarning oʻtkazilish shakli va muddati OʻzR taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangandan soʻng Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy-veb saytida eʼlon qilinadi.
Xorijiy OTMlaridan maxsus sinovlarsiz koʻchiriladigan Rossiya Federatsiyasi davlat oliy taʼlim muassasalari (oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatdan joy olgan) roʻyxati iyul oyida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-saytida va telegramm kanalida eʼlon qilinadi.
Oʻqishni qayta tiklash boʻyicha:
Chetlatilganligiga necha yil boʻlganligidan qatʼiy nazar oʻqishni qayta tiklash toʻgʻrisidagi arizalar muayyan OTM tomonidan koʻrib chiqiladi va qaror qabul qilinadi. Oʻqishni qayta tiklash (koʻchirib tiklash emas) boʻyicha arizalar har bir OTMning qabul komissiyasi tomonidan 2019-yilning 15-iyulidan 5-avgustiga qadar qabul qilinadi.